Turkiyalik professor GulDU talabalariga dars berdi
Mart 04, 2026. 13:15 • 3 daq
• 108
BALIKESIR, 4-mart. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi Balikesir universiteti turk tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, falsafa fanlari doktori, professor Birsel O‘ruch Gulistonga qilgan xizmat safari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Shu yil fevral oyida O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universiteti – GulDUga dars berish uchun taklif qilishdi. Men bu taklifni hech ikkilanmay, mamnuniyat bilan qabul qildim. Toshkent shahrida meni gullar bilan iliq kutib olishgach, Gulistonga qarab yo‘l oldik.
GulDUning ikkinchi va uchinchi kurs talabalariga turk tili fonetikasi haqida dars o‘tdim. Bu yerda turk tiliga qiziqish katta ekanini sezdim. Talabalarning ko‘pchiligi turk tilini yaxshi bilar ekan. Mashg‘ulotlar davomida videoroliklar namoyish qildim. Talabalar Turkiyada magistraturada o‘qishni davom ettirishga katta qiziqish bildirdi. Darslardan so‘ng “Sirdaryo” telekanaliga intervyu berishga ham ulgurdim.
Guliston O‘zbekistonning boshqa shaharlari bilan solishtirganda kichikroq, lekin o‘ziga xos muhitga ega hudud ekan. Bu yerning odamlari juda samimiy. Turkiy urf-odatlar va an’analar hali ham saqlanib qolganini ko‘rib xursand bo‘ldim. Hatto notanish kishilarning ko‘cha-ko‘yda bir-birlari bilan salomlashishi, talabalarning o‘qituvchilarga hurmat va minnatdorlik bildirishi kishini shodlantiradi.
Universitet shahar markazidan o‘n daqiqalik masofada joylashgan. 1965-yilda tashkil etilgan oliy ta’lim muassasasida hozirda 30 mingga yaqin talaba tahsil oladi, ulardan ikki mingga yaqini xorijliklar. Chet ellik yoshlarning aksariyati Hindistondan kelib, tibbiyotdan tortib, o‘zbek tili va adabiyotigacha bo‘lgan turli fakultetlarda tahsil olmoqda. Bu ta’lim dargohida erkaklar va ayollar uchun alohida yotoqxonalar, zamonaviy oshxona, sport maydonchalari va boshqa ko‘plab qulayliklar yaratilganini ko‘rish mumkin.
Fakultetning tomi deyarli to‘liq quyosh panellari bilan qoplangan bo‘lib, bu universitetning ekologik toza energiya manbalaridan foydalanayotganini anglatadi.
Universitetga kiraverishda kutubxona bor. Talaba va tadqiqotchilar javonlardan kitoblarni olib, bemalol o‘rganishi uchun zarur sharoit yaratilgan. Kutubxona ancha keng, har bir stolda tadqiqot uchun alohida kompyuterlar o‘rnatilgan. Kitoblarni qidirish uchun tegishli kataloglar shakllantirilgan.
Qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan muzeyda sovet davrida o‘zbek xalqining boshqa turkiy xalqlar kabi qatag‘on qilingani tasvirlangan lavhalarni ko‘rish mumkin. Muzey xodimidan o‘sha davr haqida batafsil ma’lumot oldik. Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi o‘zbek ziyolilarining o‘limi xalq uchun juda katta yo‘qotish bo‘lgan.
Tashrifimiz Ramazon oyiga to‘g‘ri kelib, milliy va diniy an’analarni kuzatish imkonini berdi. O‘zbekistonda, jumladan, oliy o‘quv yurtlarida Ramazon muhim oy sifatida nishonlanib, mustaqillik yillarida milliy va diniy qadriyatlarga emin-erkin amal qilinayotganiga guvohi bo‘ldim.
Universitet Rossiya va Yevropa ta’lim muassasalari, shu jumladan, Turkiya bilan turli hamkorlik kelishuvlariga ega. Uning Balikesir universiteti bilan aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ko‘rib, juda mamnun bo‘ldim.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi