Pokiston OAV: Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro birodarlashgan shaharlar forumiga tayyorgarlik avjida

Iyul 23, 2026. 14:30 • 2 daq

81
Pokiston OAV: Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro birodarlashgan shaharlar forumiga tayyorgarlik avjida

ISLOMOBOD, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi “Global News Pakistan” va “Pakistan In The World” nashrlarida joriy yilning 24–25-iyul kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro birodarlashgan shaharlar forumiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda qayd etilishicha, ushbu forum O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini kengaytirish, shaharlar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda xalq diplomatiyasini rivojlantirish uchun muhim xalqaro maydonga aylanadi.

Maqolalarda taʼkidlanishicha, forum dasturidan O‘zbekiston va xorijiy davlatlar shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, sohaviy panel sessiyalari va davra suhbatlari, shuningdek, birodarlashgan shaharlar o‘rtasida memorandum va bitimlarni imzolash marosimlari o‘rin olgan.

Bundan tashqari, ishtirokchilarga xalq diplomatiyasi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimotlar namoyish etiladi. Xorijiy delegatsiyalar ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, Samarqandning tarixiy-madaniy diqqatga sazovor joylari bo‘ylab tanishuv ekskursiyalari, shuningdek, O‘zbekiston hududlarining investitsiyaviy, turistik va madaniy salohiyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar tashkil etiladi.

“Global News Pakistan” bo‘lajak forum turli mamlakatlar shaharlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lishini taʼkidladi.

“Pakistan In The World” nashri ushbu forum turli davlatlar shaharlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro sheriklikni kengaytirishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish