Misr matbuotida Samarqandning turizm va maʼnaviy imkoniyatlari keng yoritilmoqda
Iyul 22, 2026. 17:30 • 2 daq
• 132QOHIRA, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning “See News” va “Al-Ahram” nashrlarida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Birodar shaharlar xalqaro forumi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“See News” portali maʼlum qilishicha, joriy yilning 24–25-iyul kunlari Samarqand shahrida O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini kengaytirish, shaharlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash va xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan Birodar shaharlar xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Forum davomida shaharlar hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, panel sessiyalari va davra suhbatlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, birodar shaharlar o‘rtasida memorandum va bitimlarni imzolash marosimlari, xalq diplomatiyasi va hududlararo hamkorlik taqdimotlari, xorijiy delegatsiyalar uchun madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Samarqandning tarixiy obidalariga tashriflar, investitsiya, turizm va madaniyat sohalariga bag‘ishlangan turli ko‘rgazmalar esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldiradi.
“Al-Ahram” gazetasi muxbiri Muhammad Abdulsalom Sabrin Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi haqida reportaj tayyorladi. Jurnalistning yozishicha, u ushbu muhtasham majmuani “Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih” asari – ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya doirasida borib ko‘rgan.
Maqolada Imom Buxoriy majmuasi qariyb 450 ming kvadrat metr maydonni egallagan yaxlit ilmiy-maʼrifiy va maʼnaviy markaz sifatida tasvirlangan. Unda to‘rtta 75 metrli minoraga ega masjid, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy safarlariga bag‘ishlangan noyob qo‘lyozmalar hamda xaritalar jamlangan to‘qqiz pavilyondan iborat interaktiv muzey mavjud.
Muallifning qayd etishicha, rekonstruksiya ishlaridan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan qariyb 65 ming nafar ziyoratchigacha oshgan. U ushbu majmuani nafaqat betakror meʼmoriy yodgorlik, balki xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan maʼnaviy maskan sifatida taʼriflagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

