“Kabar” QMAA: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar uzoq muddatli iqtisodiy kooperatsiya bosqichiga o‘tmoqda
Iyul 22, 2026. 13:00 • 3 daq
• 130
BISHKEK, 22-iyul. /“Dunyo” AA/. “Kabar” Qirg‘iziston milliy axborot agentligi portalida “O‘zbekiston — Qirg‘iziston: chegaradosh qo‘shnichilikdan uzoq muddatli iqtisodiy kooperatsiya sari” sarlavhali keng qamrovli tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning muhim va asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar anʼanaviy yaxshi qo‘shnichilik doirasidan chiqib, kompleks iqtisodiy sheriklik xususiyatini kasb etmoqda.
Maqolada oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotlar bunda muhim rol o‘ynayotgani alohida qayd etilgan. Xususan, 2026-yil may oyida “KazanForum” doirasida va boshqa idoralararo uchrashuvlarda, shuningdek, iyun oyida Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning 12-yig‘ilishida savdo, investitsiya va iqtisodiy sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalar chuqur muhokama qilindi. Shu bilan birga, chegaradosh viloyatlar rahbarlari Kengashi hamda kutilayotgan Birinchi hududlar forumi mintaqaviy savdo va logistikaga kuchli turtki bermoqda.
O‘zaro savdo aylanmasi ham jadal o‘sish dinamikasini ko‘rsatmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, savdo hajmi qariyb 1,2 milliard dollarni tashkil etib, 36,4 foizga oshgan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar–may oylarida bu ko‘rsatkich 468,8 million dollarga yetdi va 43,9 foizga o‘sdi. Tovar aylanmasini 2024–2030-yillarda yana-da oshirish dasturi asosida “Termiz” xalqaro savdo markazi, Bishkek va Toshkentdagi savdo uylari, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi loyihalari faol rivojlantirilmoqda.
Investitsiyaviy va ishlab chiqarish kooperatsiyasi sohasida ham sezilarli ilgarilash kuzatilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda qirg‘iz kapitali ishtirokidagi 450 ta, Qirg‘izistonda esa o‘zbek kapitali ishtirokidagi 85 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Chuy viloyatida “Onix”, “Captiva”, “Damas”, “Cobalt”, “Tahoe” va “Tracker” avtomobillarini yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, geologiya, farmatsevtika, yengil sanoat (Qora-Bolta, Andijon, Bishkek, O‘sh va Chuy viloyatlaridagi to‘qimachilik korxonalari) yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar kengaymoqda.
Energetika va transport sohalaridagi strategik sheriklik ham markaziy o‘rinni egallaydi. Qambarota-1 GES qurilishi bo‘yicha hukumatlararo bitimni tezlashtirish, 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan transport va logistika bo‘yicha qo‘shma dasturni tayyorlash hamda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish ushbu aloqalarning uzoq muddatli va barqaror bo‘lishini taʼminlamoqda.
Xulosa qilib aytganda, “Kabar” agentligi O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari o‘zaro bog‘liq, barqaror va chuqur o‘ylangan uzoq muddatli strategik sheriklik tizimiga aylanganini alohida eʼtirof etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi