Polsha matbuoti O‘zbekistonda katolik cherkovi qanday faoliyat yuritayotgani haqida yozdi
May 07, 2026. 14:25 • 2 daq
• 245
VARSHAVA, 12-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi katolik cherkovi mingga yaqin turli millat vakillarini birlashtirgan eng kichik diniy jamoalardan biri hisoblanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Polskie Radio” portaliga tayanib.
Portalda taʼkidlanishicha, ushbu jamoaga yigirma yildan ortiq vaqt davomida yepiskop Yeji Matsulevich rahbarlik qilib kelmoqda. Uning tayinlanishi Papa Ioann Pavel II tomonidan qabul qilingan so‘nggi qarorlardan biri bo‘lgan.
Polshalik ruhoniyning Apostol maʼmuri etib tayinlanishi 2005-yil 1-aprelda eʼlon qilingan, ertasi kuni esa Papa vafoti haqida xabar tarqalgan. Bu holat uning Markaziy Osiyodagi xizmat faoliyatiga alohida ramziy maʼno bergan.
O‘zbekistonda katolitsizm tarixi XIX asrdan boshlangan. 1875-yilda Toshkentda katolik jamoasi mavjud bo‘lgan. Keyinchalik Bonaventura Pranaytis cherkov qurilishi uchun yer sotib olgan. Cherkov Birinchi jahon urushi asirlari – polyaklar, chexlar, vengrlar va avstriyaliklar tomonidan qurilgan. Ibodatxona polyaklar yashaydigan hududga yaqin bo‘lgani uchun norasmiy ravishda “polyak cherkovi” deb atala boshlagan.
Sovet Ittifoqi davrida katolik jamoasi qatag‘on va cheklovlarga duch kelgan. XX asr oxirida esa cherkov tuzilmalarini qayta tiklash jarayoni boshlangan. Bu jarayonda kelib chiqishi polyak bo‘lgan ruhoniylar, jumladan Kshishtof Kukulka muhim rol o‘ynagan.
Bugungi kunda mamlakatdagi eng yirik katolik jamoasi Toshkentda joylashgan bo‘lib, u taxminan 500 nafar kishini birlashtiradi. Uning tarkibiga polyak, rus va koreys bo‘lgan insonlar, shuningdek xorijliklar va keyinchalik xristianlikni qabul qilgan kishilar kiradi.
Yepiskop Yeji Matsulevichning qayd etishicha, O‘zbekiston asosan musulmon aholi yashaydigan mamlakat bo‘lsa-da, mamlakatda diniy bag‘rikenglik hukm surib, turli eʼtiqod vakillari tinch-totuv yashab kelmoqda.
Shuningdek, katolik cherkovi polyak madaniy merosini saqlash ishlarida ham faol ishtirok etadi. O‘zbekiston hududida general Vladislav Anders armiyasi askarlarining 16 ta qabristoni mavjud bo‘lib, Toshkentdagi cherkovda ular xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatilgan.
Yeji Matsulevichning so‘zlariga ko‘ra, katolik jamoasining asosiy vazifasi son jihatidan o‘sish emas, balki ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatda “yer tuzi” bo‘lib, jamiyatga xizmat qilish va unda faol ishtirok etishdan iborat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekistonning OTB yillik yig‘ilishida ilgari surgan tashabbuslari Misr OAVda keng yoritilmoqda



