“DKNews”: O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 14 foizga o‘sdi
Oktabr 15, 2026. 16:30 • 2 daq
• 100
OSTONA, 15-oktabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “DKNews” axborot nashrida O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan savdo, transport-logistika va eksport-import aloqalariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik hududda joylashgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2025-yilda TDTga a’zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi, iqtisodiy o‘sish sur’ati esa 6,8 foizni tashkil etdi. Shu davrda O‘zbekistonning tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 14 foizga o‘sib, 11 milliard dollarga yetdi.
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning TDT davlatlari bilan eksport-import yuk tashish hajmi 8,5 million tonnani tashkil etib, xalqaro tashuvlarning qariyb 29 foiziga teng bo‘ldi.
Transport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishda 2025-yil 7-oktabrda Ozarbayjonning Gabala shahrida o‘tkazilgan TDTning XII sammiti muhim ahamiyat kasb etdi. Sammitda qabul qilingan Gabala deklaratsiyasida O‘rta koridorni rivojlantirish strategik ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Nashrda qayd etilishicha, 2026-yilda o‘tkazilgan qator uchrashuvlar transport sohasidagi integratsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Xususan, Boku shahridagi hukumat rahbarlari uchrashuvi va Bishkekdagi transport vazirlari yig‘ilishida Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi hamda “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Elektron ruxsatnoma – “e-Permit” tizimini takomillashtirish, xalqaro elektron yuk xati – “e-CMR” tizimini joriy etish va chegaralardagi rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitda transport yo‘laklarini raqamlashtirish, milliy “yagona darcha” tizimlarini integratsiya qilish va “eTIR” mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘rta koridorni “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lash muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, mintaqaviy ma’lumotlar markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari orqali birlashtiruvchi “Raqamli turkiy koridor”ni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi