“Sayidaty”: O‘zbekiston — boy tarix, hayratlanarli me’morchilik va betakror madaniyat diyori
Sentabr 21, 2026. 15:30 • 2 daq
• 198
AR-RIYOZ, 21-sentabr. / “Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining “Sayidaty” onlayn-jurnalida O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston boy tarix, hayratlanarli me’morchilik va betakror madaniyatga ega yo‘nalish hisoblanadi. Markaziy Osiyoda joylashgan ushbu mamlakat Buyuk ipak yo‘lida gullab-yashnagan qadimiy shaharlari, go‘zal tabiiy manzaralari va mehmondo‘st xalqi bilan mashhur. Sayyohlarning qiziqishlaridan qat’i nazar — tarix yoki tabiat bo‘ladimi mamlakat boy va rang-barang taassurotlar ulashuvchi ko‘plab diqqatga sazovor joylarni taklif etadi.
Nashr tashrif buyurish tavsiya etiladigan asosiy maskanlar va tadbirlar qatorida Samarqanddagi Registon maydonini alohida ajratib ko‘rsatgan. Koshinlar va yorqin ko‘k plitkalar bilan bezatilgan uchta tarixiy madrasani o‘z ichiga olgan ushbu me’moriy durdonada mehmonlar shahar manzarasini tomosha qilish uchun yuqori ayvonlarga ko‘tarilishlari, kechqurun esa yorug‘lik shousidan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Buxoroda esa arxeologik artefaktlar muzeyi va shahar manzarasi ochiladigan Buxoro amirlarining sobiq qarorgohi — Ark qal’asiga hamda o‘ymakor yog‘och ustunli va osoyishta hovuzli Bolohavz masjidiga alohida e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, yo‘l ko‘rsatkichda YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xivadagi Ichan-Qal’a ichki shahrining tor ko‘chalari bo‘ylab sayr qilish va har bir bekati betakror qandillar va mozaikalar bilan bezatilgan Toshkent metropoliteniga tashrif buyurish taklif qilinadi. Mahalliy madaniyat va gastronomiya bilan tanishish uchun sayyohlarga Toshkentdagi Chorsu bozori tavsiya etiladi, u yerda an’anaviy palovni tatib ko‘rish, gilam va sopol buyumlar kabi qo‘l mahsulotlarini sotib olish hamda mahalliy sotuvchilar bilan muloqot qilish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi