Qozog‘iston OAV: O‘zbekiston 22-Xalqaro “Transport va logistika” ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Noyabr 04, 2026. 16:30 • 2 daq
• 23
OSTONA, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “DKNews.kz” axborot nashri rus va ingliz tillarida “10–12-noyabr kunlari O‘zbekiston poytaxti 22-Xalqaro “Transport va logistika — TransLogistica Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasini qabul qiladi” sarlavhali maqola e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, nufuzli ko‘rgazma joriy yilning 10–12-noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazma majmuasida bo‘lib o‘tadi. Unda Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Xitoy, Janubiy Koreya, Latviya, Litva, Niderlandiya, BAA, Rossiya va O‘zbekiston kabi 11 ta davlatdan 70 dan ortiq eksponent ishtirok etishini tasdiqlagan.
Nashrning yozishicha, ko‘rgazmada temir yo‘l, avtomobil, aviatsiya va dengiz transporti sohasidagi ishlanmalar, zamonaviy logistika xizmatlari hamda raqamli yechimlar, davlat infratuzilmaviy loyihalari va xalqaro transport yo‘laklari yo‘nalishlari namoyish etiladi. Xususan, Markaziy Osiyoni xalqaro bozorlar bilan bog‘laydigan O‘rta yo‘lakning yangi logistika yo‘nalishlari va imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Anjumanning asosiy tematik bo‘limlari sirasiga havo transportida yuk tashish, ekspeditorlik, avtomobil va temir yo‘l qatnovi, ombor logistikasi, elektrotransport hamda quvvatlash infratuzilmasi, omborlarni avtomatlashtirish va robototexnika, telematika, shuningdek, raqamli TMS/WMS tizimlari kiritilgan.
Maqolada o‘tgan yilgi ko‘rgazma natijalari ham keltirilgan. Ishtirokchilarning 92 foizi tadbir davomida yangi mijozlar va hamkorlar topganini bildirgan bo‘lsa, eksponentlarning 87 foizi keyingi yillarda ham qatnashish niyatida ekanini tasdiqlagan. “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va “ICA Eurasia Group” forum tashkilotchilari hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi