O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari koreys tilida nashr etildi

Noyabr 04, 2026. 14:00 • 3 daq

• 9
O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari koreys tilida nashr etildi
O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari koreys tilida nashr etildi
O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari koreys tilida nashr etildi
O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari koreys tilida nashr etildi

SЕUL, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari koreys tilida nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bu sa’y-harakat xalqimizning boy adabiy-madaniy merosini xorijda keng targ‘ib qilish, o‘zbek adabiyotining sara namunalarini jahon kitobxonlariga yetkazish maqsadida amalga oshirildi.

Mazkur voqea munosabati bilan Seul shahrida kitob taqdimoti marosimi bo‘lib o‘tdi. Asar Xankuk xorijiy tillar universiteti Markaziy Osiyo kafedrasi professori Li Ji Ën hamda vatandosh professorlarimiz Nargiza Abduxalilova va Dilnoza Kalanova tomonidan koreys tiliga tarjima qilindi.

Taqdimotda diplomatik vakolatxona diplomatlari, asar tarjimonlari, Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talabalar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan elchi Alisher Abdusalomov O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda madaniyat va adabiyotning muhim o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Dunyoning ishlari” asarida ona mehri, oila, farzandlik burchi, sabr-toqat va fidoyilik kabi umuminsoniy qadriyatlar yuksak badiiy mahorat bilan aks ettirilgan. Asarning koreys tilida nashr etilishi koreyalik kitobxonlarga o‘zbek xalqining ma’naviy dunyosi, milliy qadriyatlari va hayot tarzi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Tarjimon, professor Li Ji Ën O‘zbekiston bilan ko‘p yillik ilmiy va madaniy aloqalari haqida so‘z yuritib, mazkur loyiha mamlakatimiz madaniyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib etishga qo‘shilgan hissa ekanini ta’kidladi.

Taqdimot doirasida Xanyan universiteti professori Chon Se Jin va Kyongdon universiteti Xalqaro integratsiya fakulteti professori Saida Adhamova ham kitobning adabiy va madaniy ahamiyati xususida o‘z fikrlarini bildirdilar.

Uchrashuvda O‘tkir Hoshimovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi. Xankuk xorijiy tillar universitetida o‘zbek tilini o‘rganayotgan koreyalik talabalar o‘zbek tilida so‘zga chiqib, kitob haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ishtirokchilar asarning koreys tilida nashr etilishini ikki xalq o‘rtasidagi madaniy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va o‘zbek adabiyotini Koreyada keng targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etdilar.

Mazkur nashr O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqlarimizning adabiy va ma’naviy merosi bilan o‘zaro tanishuvini kengaytirishga xizmat qiladi.

Taqdimot marosimi Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarida yoritildi. “Dunyoning ishlari” asarining koreys tilidagi nashri Seuldagi yirik xalqaro kitob yarmarkasida ham namoyish etiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish