O‘zbekiston Prezidentining xitoy tilida chop etilgan kitobi ikki mamlakat o‘rtasida davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishni kengaytirishga hissa qo‘shadi
Noyabr 04, 2026. 10:30 • 3 daq
• 144PЕKIN, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari Prezident Shavkat Mirziyoyevning XXRning yetakchi “Jenmin” agentligi tomonidan xitoy tilida nashr etilgan “O‘zbekiston barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida” kitobining taqdimot marosimini keng yoritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Sinxua” axborot agentligining yozishicha, kitobda O‘zbekiston Prezidentining 2021-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda turli muhim xalqaro va milliy tadbirlarda so‘zlagan nutqlari, qator intervyulari va mualliflik maqolalari jamlangan.
Taqdimotda Xitoy va O‘zbekiston vakillari, qator mamlakatlarning XXRda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va diplomatlari, taniqli ekspertlar hamda olimlar ishtirok etdi.
Maqolada ta’kidlanishicha, marosimda xalqaro tashkilotlar, ikki mamlakatning ixtisoslashgan tahliliy markazlari vakillari nashrni mutolaa qilish jarayonida olgan taassurotlari va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ishtirokchilar gumanitar almashinuvlarni mustahkamlash, sivilizatsiyalarning o‘zaro boyishini kengaytirish va ikki mamlakatning ko‘p asrlik do‘stligini rivojlantirish borasidagi mushtarak intilishlarini bayon etdi.
Markaziy “Jenmin jibao” gazetasining ma’lum qilishicha, kitobda O‘zbekistonning islohotlar va taraqqiyot, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish borasidagi samarali chora-tadbirlari hamda so‘nggi yutuqlari yaqqol aks ettirilgan. Asar O‘zbekistonning o‘z milliy voqeligiga mos keladigan taraqqiyot yo‘lidan borish borasidagi qat’iy qarori va ishonchini yorqin ifodalaydi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruviga oid chuqur mushohadalari va samarali amaliyotini to‘liq namoyon etadi.
Yetakchi “China Daily” nashrining xabar berishicha, kitob “O‘zbekiston islohotlar jarayonida”, “O‘zbekiston va BMT”, “O‘zbekiston va Shanxay hamkorlik tashkiloti”, “Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari”, “O‘zbekiston: global barqaror rivojlanishga sodiqlik”, “Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik” kabi mavzularni qamrab olgan sakkizta asosiy bobga bo‘lingan.
Bu Xitoy va xalqaro hamjamiyatga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilgari surilayotgan yirik tarixiy islohotlar, Yangi O‘zbekistonning milliy taraqqiyot yo‘li hamda ichki va tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari haqida keng tushunchaga ega bo‘lishga yordam beradi.
“China News Service”, “Lookwe”, “NetEase News”, “Psearcher”, “Victwo” kabi ommabop OAVlar ushbu muhim voqeani yoritishga alohida e’tibor qaratdi.
OAVning qayd etishicha, mazkur kitob Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishni chuqurlashtirish jarayoniga hissa qo‘shadi. Asar O‘zbekiston taraqqiyotini o‘rganayotgan ekspertlar, olimlar, jamoatchilikning barcha qatlamlari vakillari hamda keng kitobxonlar ommasi uchun noyob ma’lumotnoma bo‘lib xizmat qilishi, shu orqali kelgusida gumanitar almashinuvlar va mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga ko‘maklashishi ta’kidlangan.
Xitoyning asosiy “CCTV”, “CGTN” va “Feniks” telekanallarida taqdimotga bag‘ishlangan maxsus reportajlar namoyish etildi. Ushbu dasturlarda kitob Xitoyning markaziy davlat organlari, oliy o‘quv yurtlari, milliy va mahalliy kutubxonalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, madaniyat muassasalari va yirik ommaviy axborot vositalarida tarqatilgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Xitoy matbuotida ta’kidlanishicha, kitobda O‘zbekistonning Xitoy bilan munosabatlariga, jumladan, “Makon va yo‘l” tashabbusi hamda “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti doirasidagi hamkorlikdan tortib, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘ligacha bo‘lgan aloqalarga muhim ahamiyat qaratilgan. Bu yangi davrda har qanday sharoitda ham har tomonlama strategik sheriklikning qay darajada ilgarilaganini ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





