“The Diplomatic Insight”: Mustaqil O‘zbekistonning yutuqlari xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda
Sentabr 17, 2026. 16:30 • 2 daq
• 157
ISLOMOBOD, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Diplomatic Insight” jurnali navbatdagi sonida O‘zbekiston hayotiga doir turkum maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, jurnal sahifalaridan O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatimizning xalqaro nufuzi, tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va Yangi Toshkent shahrida o‘tkazilgan tantanali tadbirga bag‘ishlangan maqolalar jurnalning bosh sahifalaridan o‘rin olgan.
Materiallarda mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi, poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, Yangi Toshkentni zamonaviy, innovatsion va inson uchun qulay shahar sifatida barpo etish borasidagi keng ko‘lamli ishlarga eʼtibor qaratilgan.
Jurnalda 25–29-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi markazi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumda ishtirok etgan “The Diplomatic Insight” bosh muharriri Asif Nur qalamiga mansub maqolalar ham yoritilgan.
Ularda islom sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni, uning ilmiy-maʼrifiy merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining roli haqida so‘z yuritiladi.
Ayniqsa, O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar va mutafakkirlarning ilmiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga urg‘u berilgan.
Mazkur materiallar O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va bugungi islohotlarini xalqaro auditoriyaga yetkazishda media diplomatiyasining ahamiyatini ko‘rsatib beradi. Xususan, islom sivilizatsiyasiga oid ilmiy va madaniy merosni xolis hamda zamonaviy axborot vositalari orqali yoritish xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hurmatni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi