“Discover Pakistan”: O‘zbekiston islom olamining buyuk allomalari va mutafakkirlari yetishib chiqqan zamin

Sentabr 17, 2026. 10:00 • 2 daq

149
“Discover Pakistan”: O‘zbekiston islom olamining buyuk allomalari va mutafakkirlari yetishib chiqqan zamin
“Discover Pakistan”: O‘zbekiston islom olamining buyuk allomalari va mutafakkirlari yetishib chiqqan zamin
“Discover Pakistan”: O‘zbekiston islom olamining buyuk allomalari va mutafakkirlari yetishib chiqqan zamin
“Discover Pakistan”: O‘zbekiston islom olamining buyuk allomalari va mutafakkirlari yetishib chiqqan zamin

ISLOMOBOD, 17-sentabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Discover Pakistan” telekanalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan navbatdagi ko‘rsatuv urdu tilida namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur ko‘rsatuv orqali pokistonlik tomoshabinlarga O‘zbekiston zaminida asrlar davomida shakllangan sof islomiy ilm-fan, madaniyat, maʼrifat va meʼmorchilik anʼanalari haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizning boy tarixiy va maʼnaviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Dastur boshlovchisi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining mazmun-mohiyati, uning meʼmoriy ko‘rinishi va kelajakdagi vazifalariga ham to‘xtaldi. Markaz nafaqat tarixiy yodgorliklar va qimmatli eksponatlarni jamlash, balki islom sivilizatsiyasining insonparvarlik, ilm-maʼrifat va bag‘rikenglik g‘oyalarini namoyon etuvchi muhim ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida eʼtirof etildi.

Shuningdek, ko‘rsatuvda O‘zbekiston islom olamining buyuk allomalari va mutafakkirlari yetishib chiqqan zamin sifatida alohida qayd etildi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk allomalarning jahon ilm-fani va islom madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bayon etildi.

“Ayniqsa, markazning zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilishi va uning ilmiy-tadqiqot, taʼlim hamda madaniy-maʼrifiy faoliyat uchun mo‘ljallangani eʼtiborga molik, — deya eʼtirof etadi telejurnalist. — Bu jihat O‘zbekistonning o‘z tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash bilan bir qatorda, uni zamonaviy vositalar orqali dunyo hamjamiyatiga yetkazishga intilayotganini tasdiqlaydi”.

“Discover Pakistan” telekanalida namoyish etilgan ushbu ko‘rsatuv O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini Pokiston jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va mamlakatimizning boy tarixiy merosiga bo‘lgan qiziqishni oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish