“The Economic Times”: Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaytiriladi

Avgust 08, 2026. 13:00 • 2 daq

73
“The Economic Times”: Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaytiriladi

DEHLI, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. Hindistonning nufuzli “The Economic Times” nashrida O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Toshkentga bo‘lajak tashrifi arafasida Dehlida o‘tkazilgan biznes-forumda O‘zbekiston vakillari hindistonlik investorlarni kon-metallurgiya, oltin, mis, uran kabi metallarni qayta ishlash loyihalarida faol ishtirok etishga chaqirdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar hamda savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, kelgusida esa uni 3–5 milliard dollarga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston oltin, mis va uran zaxiralari bo‘yicha jahonning kuchli o‘ntaligidan joy olgan. Hozirda mamlakatda hind kapitali ishtirokidagi 400 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda, qo‘shma loyihalar portfeli esa 5 milliard dollardan oshadi.

“The Economic Times” tog‘-kon, kimyo sanoati, qayta tiklanadigan energetika, farmatsevtika va avtomobilsozlik sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari xususida ham to‘xtalib o‘tgan.

Xususan, O‘zbekistonda o‘g‘it ishlab chiqarishni kengaytirish, “yashil” energetika ulushini 2030-yilga borib 54 foizga yetkazish, “Dr. Reddy‘s” va “Cipla” kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda dori-darmon hamda vaksinalar ishlab chiqarish va avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish loyihalari istiqbolli ekani taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish