“Financia Digital News”: G20 davlatlari O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarida muhim o‘rin egallaydi

Avgust 07, 2026. 12:30 • 2 daq

150
“Financia Digital News”: G20 davlatlari O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarida muhim o‘rin egallaydi

ISLOMOBOD, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Financia Digital News” nashrida O‘zbekistonning G20 mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston ichki islohotlari jahon iqtisodiy jarayonlari bilan tobora chambarchas bog‘lanib borayotgan yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Shu bois G20 doirasida muhokama qilinayotgan masalalar O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyat kasb etadi.

G20 – “Katta yigirmalik” mamlakatlari hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 85 foizi, xalqaro savdoning 75 foizdan ortig‘i hamda sayyoramiz aholisining qariyb uchdan ikki qismi to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston uchun bu kapital qiymati, talab tarkibi, investitsiya yo‘nalishlari, sanoat standartlari, savdo qoidalari va barqaror o‘sishga oid yondashuvlar shakllanadigan muhim maydondir.

So‘nggi yillarda investitsiyalarni jalb etish O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda mamlakat iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sgani, 43 milliard AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilgani hamda 2026-yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard AQSh dollaridan oshishi kutilayotganini taʼkidladi.

Bu jarayonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish alohida ahamiyat kasb etadi. Uning huquqiy modeli maxsus tartibni, ingliz umumiy huquqining ayrim elementlarini, mustaqil tijorat sudini, kapitalning erkin harakatlanishini, istalgan valyutada operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini, shuningdek, fintex, raqamli aktivlar va yashil moliyalashtirishni rivojlantirishni nazarda tutadi.

Nashrning yozishicha, savdo sohasida G20 bilan bog‘liqlik yaqqol namoyon bo‘lmoqda. “Katta yigirmalik” mamlakatlari allaqachon O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarida muhim o‘rin egallaydi.

2026-yilning yanvar–may oylarida mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 32,8 milliard AQSh dollariga yetdi. Asosiy hamkorlar qatoridan Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Fransiya, Koreya Respublikasi va Germaniya o‘rin olgan. Ushbu davlatlarning aksariyati G20 tarkibiga kiradi yoki uning iqtisodiy tizimi bilan chambarchas bog‘langan.

G20ning O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyati ham aynan shundadir. U jahon iqtisodiyotining rivojlanish yo‘nalishlarini yanada aniqroq anglash, ularni milliy ustuvor vazifalar bilan uyg‘unlashtirish hamda global tendensiyalarni barqaror iqtisodiy o‘sish uchun aniq imkoniyatlarga aylantirish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish