Xalit Xamzaoglu: O‘zbekistonning 35 yillik taraqqiyot yo‘li turkiy dunyo uchun muhim ahamiyatga ega
Avgust 08, 2026. 13:30 • 3 daq
• 87
ANQARA, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Kavkaz universiteti dotsenti, turkiy dunyo mamlakatlari bo‘yicha ekspert Xalit Xamzaoglu O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Bundan 35 yil muqaddam qardosh O‘zbekiston mustaqillikka erishgan kunlarda Turkiyada, xususan, Onado‘lida bu xabarni katta quvonch va hayajon bilan qarshi olgan edik.
Turkiya va O‘zbekistonni nafaqat umumiy tarix, til va madaniyat, balki chuqur maʼnaviy rishtalar ham birlashtirib turadi. Shu bois, Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan qardosh o‘zbek xalqini samimiy muborakbod etaman. Bu qutlug‘ kunda biz ham sizlar bilan birga quvonamiz va ushbu tarixiy sana shodiyonasiga sherikmiz.
So‘nggi 35 yil mobaynida mamlakatingiz ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Eng avvalo, mustaqillikning o‘zi har qanday xalq uchun beqiyos qadriyatdir. Ayniqsa, keyingi o‘n yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqdi.
Eng muhim yutuqlardan biri – Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, hamjihatlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini shakllantirish bo‘ldi. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ko‘p yillar davomida hal etilmay kelgan chegara masalalari muvaffaqiyatli hal qilindi.
O‘zbekiston Yevroosiyoning qoq markazida joylashgan strategik davlatdir. Shu bois, mamlakatning iqtisodiy va siyosiy jihatdan yana-da kuchayishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo, turkiy dunyo va Turkiya uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Biz Turkiyada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish va hurmat bilan kuzatib kelmoqdamiz. Bugun bu islohotlar xalqaro ekspertlar va ilmiy doiralar tomonidan ham yuksak baholanib, O‘zbekistonning “Uchinchi Renessans” sari intilishi sifatida eʼtirof etilmoqda.
Turkiya uchun O‘zbekiston turkiy sivilizatsiya va umumiy tariximizning eng muhim tayanchlaridan biridir. Zero, Turkiya 1991-yil 16-dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat sifatida bu munosabatlarga doimo alohida ahamiyat berib keladi.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va samimiy do‘stlik munosabatlari O‘zbekiston–Turkiya strategik sherikligini yana-da mustahkamladi. Oliy darajadagi muntazam muloqotlar, davlat tashriflari va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi yaqin hamkorlik ikki mamlakatning mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvlarini yana-da yaqinlashtirmoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqalar, transport va logistika sohasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘rta yo‘lak” loyihasiga qaratilayotgan alohida eʼtibor Yevroosiyodagi transport bog‘liqligini mustahkamlash va yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishga xizmat qilmoqda.
Umumiy tarix, til, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlarimiz ikki xalqni yana-da yaqinlashtirib, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlamoqda.
Fursatdan foydalanib, qardosh o‘zbek xalqini Mustaqillikning 35 yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan muborakbod etaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi