“The Wall Street Journal”: 20 yoshli o‘zbek shaxmat vunderkindi dunyoning eng kuchli grossmeysterlarini mag‘lub etmoqda
Aprel 09, 2026. 17:39 • 4 daq
• 35
VASHINGTON, 9-aprel. /“Dunyo” AA/. Amerikaning mashhur “The Wall Street Journal” gazetasida so‘nggi paytlarda o‘zining yorqin g‘alabalari bilan shaxmat olamida shov-shuv ko‘tarayotgan o‘zbek shaxmatchisi Javohir Sindarov haqida maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, Javohir Sindarov jahon chempioni unvoni uchun kurashda raqiblarini birin-ketin mag‘lub etmoqda. Uning o‘yini hatto Magnus Karlsenni ham hayratga solgan.
Amerikalik grossmeyster Xikaru Nakamura o‘tgan hafta Kiprda shaxmat taxtasi oldida o‘tirib, o‘zini mutlaqo yo‘qotib qo‘yganday his qildi. Blis-shaxmatdagi isteʼdodi bilan tanilgan va jahon reytingining ikkinchi raqami bo‘lgan bu shaxmatchi birgina yurish uchun 67 daqiqa sarfladi.
Uning raqibi 20 yoshli o‘zbekistonlik vunderkind Javohir Sindarov edi. Jahon chempioni unvoni uchun daʼvogar bo‘lgan Nakamura ham shaxmat olamini larzaga solgan yosh o‘yinchiga qarshi qanday yo‘l tutishni bilmay qoldi.
Uzoq va iztirobli o‘ylardan so‘ng Nakamura Sindarov tuzog‘iga tushib qoldi.
“U bir soat o‘yladi va xatoga yo‘l qo‘ydi. Shundan keyin ustunlikdan foydalandim va menimcha, juda yaxshi o‘ynadim”, dedi Sindarov.
Kiprda bo‘lib o‘tayotgan Nomzodlar turniridagi bu g‘alaba Sindarovni peshqadamlar safiga olib chiqdi. Mazkur musobaqa g‘olibi jahon chempioni unvoni uchun o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi. Yetti partiyadan so‘ng Sindarov shaxmat elitasi qatoriga kirdi: beshta g‘alaba bilan u turnirdagi g‘alabalar bo‘yicha rekordni takrorladi. Shu bilan birga, musobaqa yakunlangunga qadar uni yana yettita o‘yin kutmoqda.
Shaxmat jamoatchiligi bunday natijani kutmagan edi. Ishtirokchilardan uch nafari Sindarovdan yuqori reytingga ega bo‘lib, daʼvogarlar turniri odatda tajribali o‘yinchilarni ustun qo‘yadi. Shunga qaramay, Sindarov o‘smirlik davridanoq jadal rivojlanib, buyuklik sari intilib kelmoqda. U bir vaqtlar tarixdagi ikkinchi eng yosh grossmeyster bo‘lgan va bugun o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etmoqda.
Dastlabki besh partiyada to‘rt g‘alaba va bir durang qayd etganidan so‘ng, hatto Magnus Karlsen ham uning o‘yinidan hayratda qoldi.
Sindarov Toshkentda tug‘ilgan. U dastlab bobosi qo‘l ostida tahsil olgan. Qisqa vaqt ichida u shaxmat tarixidagi eng tez rivojlanayotgan o‘yinchilardan biriga aylandi. Javohir 13 yoshgacha grossmeyster unvonini olgan besh nafar shaxmatchidan biridir.
AQSH matbuotining taʼkidlashicha, O‘zbekistonda ilgari shaxmat anʼanalari unchalik kuchli bo‘lmagan bo‘lsa-da, bugun bu sohada yuksalish davri kuzatilmoqda. 2004-yilda toshkentlik Rustam Qosimjonovning jahon chempioni bo‘lishi mamlakatda shaxmatga bo‘lgan qiziqishni oshirdi. Keyinchalik maktablarda shaxmat joriy etildi, klublar qo‘llab-quvvatlandi. 2021-yilda esa shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilindi.
Natijada, o‘zbek shaxmatchilari xalqaro maydonda faol ko‘rina boshladi. Yetti yil avval top-100 talikda birorta ham o‘zbekistonlik bo‘lmagan bo‘lsa, bugun top-50 da to‘rt nafar o‘zbek shaxmatchisi o‘rin egallagan. Ular orasida dunyoning to‘rtinchi raqami Nodirbek Abdusattorov ham bor.
Abdusattorov va Sindarov 2022-yilgi shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida g‘alaba qozongan. Ularning murabbiyi sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov edi.
“Hozirgi yoshlar bizning davrimizdagiga qaraganda ancha erta grossmeyster darajasiga chiqmoqda. Men ularning yoshida hatto bu nima ekanini ham bilmasdim”, degan edi Qosimjonov.
Maqolada qayd etilishicha, Sindarovning jahon chempioni bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishiga 2022-yilda Magnus Karlsenning titulni himoya qilmaslik qarorini qabul qilgani ham taʼsir qildi. U qariyb o‘n yil davomida klassik shaxmatda hukmronlik qilgan edi.
Karlsenning ketishi yangi avlod grossmeysterlariga yo‘l ochdi. Ular orasida xitoylik jahon chempioni Din Lijen va tarixdagi eng yosh mutlaq chempion Gukesh Dommaraju ham bor.
Endilikda Dommaraju kabi raqiblar zamonamizning eng kreativ o‘yinchilaridan biri Sindarov bilan to‘qnash kelishi mumkin. Daʼvogarlar turnirida ayrim raqiblar uni nazariyadan chetlatib, intuitsiya va intellektual kurashda yengishga urindi.
Biroq bu ham samara bermadi. Masalan, Vey Iga qarshi partiyada Sindarov kutilmagan improvizatsiyalar orqali, qora donalar bilan o‘ynaganiga qaramay, g‘alaba qozondi.
“Agar pozitsiya dinamik bo‘lsa, men har doim bunday o‘yindan zavq olaman”, deydi Sindarov.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi