Qozog‘iston O‘zbekistonga neft eksport qilishga qiziqish bildirmoqda
May 25, 2026. 15:55 • 2 daq
• 66
OSTONA, 22-may /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari yetkazib berishni boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Dprom” nashriga tayanib.
Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov Ostonada bo‘lib o‘tayotgan “RES 2026” mintaqaviy ekologik sammiti chog‘ida maʼlum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston Rossiya nefti va gazini O‘zbekistonga tranzit qilishdan tashqari, qo‘shni mamlakatga o‘zining xom nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berishga ham tayyor. Ayni paytda bu masala o‘rganilmoqda. Shuningdek, tomonlar neft-kimyo va neftni qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilish sohasidagi qo‘shma loyihalarni muhokama qilmoqda.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston energiya resurslari importini oshirishda davom etmoqda. Davlat bojxona qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida neft va neft mahsulotlari importi hajmi o‘tgan yilning mos davridagi 315,9 million dollarga nisbatan 42,2 foizga ortib, 449,1 million dollarni tashkil qilgan.
Mazkur davrda mamlakatga benzin yetkazib berish ikki barobardan ziyodga o‘sib, 428,2 million litrga, dizel yoqilg‘isi importi esa 38 foizga oshib, 125,5 ming tonnaga yetgan.
Avvalroq, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Moskva va Toshkent neft va gaz yetkazib berishni davom ettirish hamda ularning hajmini yana-da oshirishga kelishib olganini maʼlum qilgandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




