“Kabar”: Qirg‘iziston va O‘zbekiston yangi turistik sheriklikni shakllantirmoqda

Iyul 24, 2026. 14:00 • 2 daq

92
“Kabar”: Qirg‘iziston va O‘zbekiston yangi turistik sheriklikni shakllantirmoqda

BISHKEK, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligida “Markaziy Osiyo ko‘prigi: Qirg‘iziston va O‘zbekiston yangi turistik sheriklikni shakllantirmoqda” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyo boy tarixiy-madaniy merosi, noyob tabiiy landshaftlari va mintaqaviy hamkorlikning kengayishi evaziga dunyodagi eng istiqbolli turistik yo‘nalishlardan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.

Bu jarayonda turizm sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayotgan va infratuzilmani muntazam rivojlantirayotgan O‘zbekiston muhim o‘rin tutmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga 6,5 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, shundan 2,5 milliondan ziyodi may va iyun oylariga to‘g‘ri keladi.

Qirg‘iziston ushbu sohada O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi munosabatlar hukumatlararo bitimlar, qo‘shma yo‘nalishlarni targ‘ib qilish, infoturlar tashkil etish hamda xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish orqali tizimli ravishda rivojlanib bormoqda.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil may oyida Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik majlisida ilgari surilgan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu g‘oya mintaqada yagona turistik makon yaratish hamda uchinchi mamlakatlardan keluvchi sayyohlar uchun “Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” kabi qo‘shma marshrutlarni taqdim etishga qaratilgan.

Shuningdek, Qirg‘iziston Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining doimiy ishtirokchisi ekani, SHHT tadbirlari doirasida idoralararo uchrashuvlar muntazam o‘tkazilayotgani, shuningdek, turoperatorlar uchun o‘zaro tanishuv safarlari, chegara oldi turizmini rivojlantirish va o‘tkazish punktlaridagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlangan.

Yakunda “Kabar”agentligi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida turizm sohasidagi sheriklik Markaziy Osiyoning jahon turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga hamda yagona turistik makon sifatidagi jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish