Pokistonda “Uzbekistan Regions of Opportunity” nomli katalog nashr etildi

Oktabr 29, 2026. 13:00 • 2 daq

• 123
Pokistonda “Uzbekistan Regions of Opportunity” nomli katalog nashr etildi

ISLOMOBOD, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston hududlarining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan “Uzbekistan Regions of Opportunity” nomli katalog chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ingliz tilidagi katalogning dastlabki sahifalarida O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayevning Pokiston ishbilarmon doiralariga murojaati e’lon qilingan.

Keyingi sahifalardan yurtimizning 10 ta tuman va shahri, xususan, Nukus, Jizzax, Kattaqo‘rg‘on va Xonabod shaharlari, Gurlan, Olot, Mirishkor, Yakkasaroy, Dang‘ara va Izboskan tumanlari hamda Navoiy viloyatining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlariga doir muhim ma’lumotlar o‘rin olgan.

Mazkur qo‘llanma mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy, investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatini Pokiston ishbilarmon doiralari orasida keng targ‘ib qilish, hududlardagi texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida chop etildi.

Nashrdan mamlakatimizning bugungi iqtisodiy rivojlanish sur’atlari, investitsiya muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan.

Qo‘llanmada har bir hudud uchun alohida bo‘lim shakllantirilib, ularda hududlarning asosiy iqtisodiy ustunliklari, ishlab chiqarish imkoniyatlari, eksport salohiyati, taklif etilayotgan investitsiya loyihalari va Pokiston kompaniyalari bilan hamkorlik qilish mumkin bo‘lgan aniq yo‘nalishlar yoritilgan.

To‘plam hududlarning zamonaviy qiyofasi, ishlab chiqarish obyektlari, turistik maskanlari va investitsiya imkoniyatlarini aks ettiruvchi sifatli suratlar bilan boyitilgan.

Qo‘llanma 166 betdan iborat bo‘lib, 300 nusxada chop etildi. Nashrni Pokistondagi yirik savdo-sanoat palatalari, ishbilarmon doiralar va nufuzli biznes uyushmalari o‘rtasida tarqatish rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish