O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tibbiyot sohasida qo‘shma “Yo‘l xaritasi” imzolandi

Oktabr 29, 2026. 12:00 • 2 daq

• 100
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tibbiyot sohasida qo‘shma “Yo‘l xaritasi” imzolandi

MOSKVA, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Rossiya sog‘liqni saqlash vazirlari Eldor Adilov hamda Mixail Murashko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Karavan Info” AAga tayanib.

Rossiya axborot agentligida qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tibbiy ta’lim, kasalliklarni tashxislash va davolash, yuqori texnologiyali tibbiy yordamni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.

Muloqot davomida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “Yo‘l xaritasi”ni imzoladi.

Maqolada yozilishicha, tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda Toshkentda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tadqiqot tibbiyot universitetining filiali tashkil etilmoqda.

Hozirda loyiha doirasida o‘quv va klinik baza shakllantirilib, professor-o‘qituvchilar tarkibi saralanmoqda hamda simulyatsiya-akkreditatsiya markazi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda.

Shuningdek, tomonlar tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, aholining yuqori texnologiyali tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Vazirlar onkologik va yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Kelishilgan vazifalar qatorida O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish ham o‘rin olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish