Anqarada O‘zbekiston–Turkiya savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi o‘tkazildi
Oktabr 29, 2026. 11:00 • 2 daq
• 31ANQARA, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkilotining Anqarada bo‘lib o‘tadigan sammitida ishtiroki arafasida O‘zbekiston–Turkiya savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda ikki mamlakatning davlat va siyosat arboblari, tadbirkorlari, sanoat korxonalari rahbarlari hamda ishbilarmonlik birlashmalari vakillari qatnashdi. Ishtirokchilar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Forumda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda sanoat kooperatsiyasi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo‘shma korxonalar tashkil qilish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Turk kompaniyalarining ishlab chiqarish tajribasini O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati bilan uyg‘unlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Tadbirning muhim mavzularidan biri Toshkentda Turkiyaning OSTİM sanoat hududi tajribasi asosida O‘zbek–turk uyushgan sanoat hududini tashkil etish tashabbusi bo‘ldi. Qiymati qariyb 300 million dollarga baholanayotgan, 100 gektar maydonni egallashi rejalashtirilgan ushbu loyiha doirasida 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Sanoat hududida ishlab chiqarish korxonalari bilan bir qatorda texnologiyalarni rivojlantirish markazlari, ta’lim, tibbiyot va logistika infratuzilmasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Nukus shahrida 160 gektarlik sanoat maydonini rivojlantirish tashabbusi ham hududlarda investitsiyaviy faollikni oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi Toshkent loyihasi ham turkiyalik investorlar uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Xususan, “MİMSAN” kompaniyasi ishtirokida 73 million dollarlik energetika inshootini barpo etish loyihasi ikki mamlakat hamkorligi energetika va zamonaviy infratuzilma sohalarida ham kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga Turkiya investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshgan, turk kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa 2,2 mingdan ziyod. Bu ko‘rsatkichlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Endilikda mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, sanoat klasterlarini rivojlantirish va tashqi bozorlarga birgalikda chiqish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Anqaradagi forum O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


