Logo

AQShdagi mashhur nashr Islom sivilizatsiyasi markazini sayohat qilish uchun eng yaxshi yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritdi

Mart 10, 2026. 16:38 • 3 daq

137
AQShdagi mashhur nashr Islom sivilizatsiyasi markazini sayohat qilish uchun eng yaxshi yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritdi

TOSHKENT, 10-mart. /“Dunyo” AA/. AQShdagi mashhur “Condé Nast Traveler” sayohat jurnalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining iyun oyida sayohat qilish uchun eng yaxshi yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritilgani bo‘yicha maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda yozilishicha, Toshkent – Markaziy Osiyoning eng yirik shahri sifatida, Buyuk Ipak yo‘li va arab sulolalari davridan tortib keyingi tarixiy davrlargacha turli sivilizatsiyalar ta’sirida shakllangan. Bu madaniy va tarixiy qatlamlar hali ham shaharning me’moriy qiyofasida aks etadi – Ipak yo‘li davri yodgorliklarining moviy gumbazlaridan tortib, sovet modernizmining ifodali shakllarigacha.

Amerika jurnali O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga alohida e’tibor qaratgan. Ushbu ulkan madaniy-ma’rifiy majmua islom madaniyati, ilm-fani va ma’naviy merosi tarixiga bag‘ishlangan muzey, ko‘rgazma va ma’rifiy maydonlarni o‘z ichiga oladi. Markazning tashkil etilishi O‘zbekistonning global madaniy sahnada o‘z ishtirokini mustahkamlashga intilishini anglatadi.

Maqolada Toshkentning zamonaviy madaniy muhiti faol rivojlanayotgani, jumladan, zamonaviy san’at markazi ochilgani, poytaxtning tarixiy mahallalarida xalqaro san’at rezidensiyalari paydo bo‘layotgani qayd etilgan.

Bu e’tirof Islom sivilizatsiyasi markazining “Smithsonian Magazine”, “BBC Travel”, “BBC History”, “National Geographic” kabi nufuzli xalqaro nashrlar va reytinglarga kiritilgani bilan ham ahamiyatlidir. Ushbu ommaviy axborot vositalari sahifalarida markaz haqidagi ma’lumotlarning paydo bo‘lishi uni Los-Anjelesdagi “Lucas Museum of Narrative Art”, Vashingtondagi “National Geographic Museum of Exploration” va Londondagi “London Museum” kabi dunyo miqyosidagi eng yirik muzey tashabbuslari bilan bir qatorga qo‘yadi.

Toshkent va Islom sivilizatsiyasi markazi nufuzli xalqaro nashrning tavsiya etilgan yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritilgani jahon hamjamiyatining O‘zbekiston madaniy merosiga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlab, uning Markaziy Osiyoning muhim madaniy va sayyohlik markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

“Condé Nast Traveler” eng nufuzli xalqaro sayohat va madaniyat nashrlaridan biri bo‘lib, 1987-yilda AQShda tashkil etilgan va “Vogue”, “The New Yorker” va “GQ” kabi mashhur jurnallarni nashr etuvchi “Condé Nast” media xoldingi tarkibiga kiradi. Jurnal har oyda 16 milliondan ortiq global o‘quvchiga ega bo‘lib, sayohat va madaniy turizm sohasida xalqaro kun tartibini shakllantiruvchi jahon turizm sanoatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish