Logo

Pokistonning nufuzli “24 News HD” telekanalidagi “Noor-e-Ramzan” teleshousining navbatdagi soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi

Mart 10, 2026. 18:14 • 2 daq

72
Pokistonning nufuzli “24 News HD” telekanalidagi “Noor-e-Ramzan” teleshousining navbatdagi soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi
Pokistonning nufuzli “24 News HD” telekanalidagi “Noor-e-Ramzan” teleshousining navbatdagi soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi
Pokistonning nufuzli “24 News HD” telekanalidagi “Noor-e-Ramzan” teleshousining navbatdagi soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi

ISLOMOBOD10-mart. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “24 News HD” telekanalida Ramazon oyi munosabati bilan namoyish etiladigan mashhur “Noor-e-Ramzan” teleshousining navbatdagi soni O‘zbekistonga bag‘ishlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur teledastur Pokistonda Ramazon oyi davomida har kuni iftor vaqtida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etiladi. O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus sonda O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi maslahatchisi Rovshan Alimov o‘z oilasi bilan, shuningdek O‘zbekiston Turizm brendi elchisi Chaudri Xamid Maxmud ishtirok etdi.

Dastur davomida Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi turizm, mehmonxona biznesi hamda madaniy meros sohalaridagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va maʼnaviy aloqalar ildizlari Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqalishi taʼkidlandi.

Teleshou davomida O‘zbekistonda Ramazon oyini nishonlash anʼanalari, jamoaviy iftorliklar, xayriya tadbirlari va maʼnaviy qadriyatlar haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, mamlakatimizning ziyorat turizmi imkoniyatlari hamda Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarining boy tarixiy merosi haqidagi muhim maʼlumotlar tomoshabinlar eʼtiboriga taqdim etildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur muqaddas maskanlar va tarixiy shaharlar har yili dunyoning turli mamlakatlaridan minglab ziyoratchilar va sayyohlarni jalb etib, O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va ziyorat turizmi salohiyatini namoyon etmoqda.

Dasturda “Toshkent–Islomobod” va «Toshkent– Lahor» shaharlari o‘rtasida haftasiga ikki marta amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini yanada yaqinlashtirishga muhim ahamiyat kasb etayotgani urg‘ulandi. Qayd etilganidek, 2025-yil davomida ushbu aviaqatnovlardan 30 mingdan ziyod yo‘lovchi foydalangan. Shuningdek, o‘tgan yili 18 mingdan ortiq pokistonlik sayyoh O‘zbekistonga borgan.

Teledastur davomida mamlakatimizning tarixiy va madaniy ziyoratgohlariga bag‘ishlangan maxsus videoroliklar ham namoyish etildi.

Ko‘rsatuv doirasida O‘zbekiston diplomatlari oilasi o‘zbek milliy taomi – Toshkent to‘y palovini tayyorladi. Shuningdek, o‘zbek somsasini tayyorlash bo‘yicha master-klass o‘tkazildi. Milliy shirinliklar – nisholda, sumalak, Qo‘qon holvasi va chak-chak tayyorlash anʼanalari haqida maʼlumot berildi. Dastur yakunida tayyorlagan palov iftorlik dasturxoniga tortildi. 

«24 News HD» telekanalining YouTube kanalida 9,5 million, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida esa 1 milliondan ortiq obunachilari bor.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish