Logo

O‘zbekiston Prezidenti qishloq va suv xo‘jaligi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi

Mart 10, 2026. 19:42 • 3 daq

11
O‘zbekiston Prezidenti qishloq va suv xo‘jaligi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi

TOSHKENT, 10-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun qishloq va suv xo‘jaligi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, ko‘p sohalarda ilm real hayotdan uzoqlashib ketgani, qishloq va suv xo‘jaligida ham ayrim yirik loyihalarni amalga oshirishda ilmiy asoslash va ekspertizaga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani, olimlar va tadqiqotchilarning salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Natijada baʼzi loyihalar kutilgan samarani bermayotgani taʼkidlandi.

Hozirgi kunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti 11 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 7 ta fakultet, 37 ta kafedra va 38 ta taʼlim yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilarning bandlik darajasi 93 foizni tashkil etadi. Universitetda xorijlik talabalar va professor-o‘qituvchilarning soni ham izchil oshib bormoqda.

Shu bilan birga, muhandis kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash maqsadida dual taʼlim tizimini keng joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taklif etilgan yangi tizimga ko‘ra, talabalar 4 kun nazariy bilim oladi, 2 kun ishlab chiqarish korxonalarida haq to‘lanadigan amaliyot o‘taydi. Jumladan, suv xo‘jaligi yo‘nalishida suvni tejash va sug‘orishni samarali tashkil etish, gidrotexnika va gidroenergetika sohasida kanallarni betonlash, smeta tuzish va kichik gidroelektr stansiyalar qurilishida ishtirok etish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash yo‘nalishida texnikalarni tayyorlash va hosilni yig‘ishtirish ishlarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.

Mamlakatimiz suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalarga bog‘liqligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, suv resurslari sohasida diplomat kadrlarni tayyorlash muhim strategik vazifalardan biri ekani taʼkidlandi.

Universitetda tashkil etilgan “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura dasturini kengaytirish va davlat granti asosidagi qabul o‘rinlarini ko‘paytirish taklifi maʼqullandi. Bu dastur orqali qo‘shni davlatlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ham maʼlum qilindi. Xususan, dronlardan foydalanib, ekin maydonlarini monitoring qilish, hosildorlikni prognozlashtirish, zararkunandalarga qarshi kurashish kabi xizmatlarni, kosmik monitoring maʼlumotlari asosida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda universitetda dronlarni boshqarishga o‘qitish kurslari joriy etiladi, kosmik tadqiqotlar va sunʼiy yo‘ldoshlar laboratoriyasi, kompleks ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, universitetda raqamli boshqaruv va KPI tizimlarini joriy etish, taʼlimning uzluksiz “maktab – texnikum – universitet – ishlab chiqarish” zanjiri asosida kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bo‘yicha rejalar ham maʼlum qilindi.

Taqdimot yakunida davlatimiz rahbari qishloq va suv xo‘jaligi sohalari uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash hamda ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish