23-avgust kuni Qozog‘istonda yangi bir palatali parlamentga ilk saylovlar bo‘lib o‘tadi

Avgust 15, 2026. 14:30 • 3 daq

8
23-avgust kuni Qozog‘istonda yangi bir palatali parlamentga ilk saylovlar bo‘lib o‘tadi

OSTONA, 15-avgust. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonda 23-avgust kuni yangi bir palatali parlament — Qurultoy deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kazinform” xalqaro axborot agentligiga tayanib.

Saylovda 7 ta siyosiy partiya ishtirok etib, 145 ta deputatlik mandati uchun 545 nafar nomzod ilgari surilgan.

Mazkur saylov mamlakatda davlat boshqaruvining yangi tizimi doirasida o‘tkazilmoqda. Qurultoy deputatlari 5-yil muddatga yagona umummilliy saylov okrugi bo‘yicha faqat partiya ro‘yxatlari asosida saylanadi. Ovoz berishda saylovchilar 7 ta siyosiy partiyadan birini tanlaydi, deputatlik mandatlari esa proporsional tizim asosida taqsimlanadi.

Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlarning 172 nafari ayollar, 74 nafari 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va 19 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat. Nomzodlarning o‘rtacha yoshi 45,4 yoshni tashkil etadi. Barcha partiyalarning saylov ro‘yxatlarida ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning umumiy ulushi 43,9 foizga yetgan.

Saylovchilarning ovoz berishdagi ishtirokiga qiziqish ham yuqori ekani qayd etilmoqda. Olmaota shahridagi ekspertlar platformasida taqdim etilgan ijtimoiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning 72–75 foizi saylovda ishtirok etish niyatida ekanini bildirgan. Bo‘lajak saylovdan xabardorlik darajasi 89,4 foizni tashkil etgan. Ovoz berishda eng faol ishtirok etish istagini 46–60 yoshdagi fuqarolar bildirgan bo‘lsa, ayollarning saylovda qatnashishga tayyorligi erkaklarga nisbatan qariyb 5 foiz band yuqori bo‘lgan.

Joriy saylov kampaniyasining yana bir muhim jihati raqamli texnologiyalardan faol foydalanilayotgani bilan bog‘liq. Qozog‘iston Parlamenti Majilisining sobiq deputati, tahlilchi Yerlan Smaylovning so‘zlariga ko‘ra, raqamlashtirish va sun’iy intellekt masalalari siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlarida o‘z aksini topgan. Uning qayd etishicha, partiyalar sun’iy intellektni, jumladan, davlat boshqaruvi, ijtimoiy xizmatlar, raqamli suverenitet va fuqarolar huquqlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqmoqda.

Saylovga tayyorgarlik jarayoni Prezident Qosim-Jomart Toqayevning Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurlan Abdirov bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Davlat rahbariga ovoz berish jarayoniga tayyorgarlikning borishi yuzasidan axborot berildi. Qozog‘iston Prezidenti saylovlarni “Qonun va tartib” tamoyili asosida o‘tkazish, jarayonning shaffofligini ta’minlash va barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.

Shu tariqa, 23-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan saylov natijasida Qozog‘iston tarixida ilk bor 145 o‘rinli bir palatali Qurultoy shakllantiriladi. Yangi parlament yagona qonun chiqaruvchi organ sifatida siyosiy partiyalar vakillaridan iborat bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish