O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes-forumi doirasida 3,25 million dollarlik kelishuvlar imzolandi

Avgust 07, 2026. 17:30 • 2 daq

126

NAMANGAN, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Namanganda yurtimiz va qirg‘iz tadbirkorlari ishtirokida O‘zbekiston–Qirg‘iziston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlarining oziq-ovqat, to‘qimachilik, yengil sanoat mahsulotlari, poyabzal va qurilish materiallari importiga ixtisoslashgan kompaniyalari vakillaridan iborat tadbirkorlar ishtirok etdi.

Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Oqibjon Inamov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston–Qirg‘iziston savdo-iqtisodiy hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro tovar aylanmasini kengaytirish, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish borasida fikr-mulohaza almashdi.

Forum ishtirokchilari uchun Namangan viloyatining eksport salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlari taqdimoti tashkil etildi. Mehmonlar mintaqaning yetakchi sanoat korxonalari, jumladan, “Art Soft Tex”, “Fazman Textile”, “Gidro Plast”, “Megaton”, “Mumtoz”, “Panda Sanoat Savdo”, “Art Ceramics” kabi ishlab chiqarish kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi.

Qirg‘izistonlik tadbirkorlar korxonalarning ishlab chiqarish quvvati, zamonaviy texnologiyalari va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. To‘qimachilik, qandolatchilik va tayyor tikuvchilik mahsulotlari, polipropilen quvurlar va fitinglar, gazobeton bloklari, sement hamda meva-sabzavot konservalari katta qiziqish uyg‘otdi.

Biznes-forumda Namangan tadbirkorlari bilan bir qatorda Farg‘ona viloyati va Toshkent shahri ishlab chiqaruvchilari ham faol ishtirok etdi.

Forum davomida O‘zbekistondan Qirg‘izistonga umumiy qiymati 3,25 million dollarlik mineral o‘g‘itlar, polipropilen quvurlar, furnitura, poyabzal, gulqog‘oz, qandolat mahsulotlari va boshqa tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalari imzolandi.

Bundan tashqari, tomonlar joriy yilning sentyabr oyida Qirg‘izistonda Namangan viloyati korxonalari mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish