29–30-sentabr kunlari Xiva shahrida O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tadi

Sentabr 18, 2026. 14:30 • 3 daq

20
29–30-sentabr kunlari Xiva shahrida O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida Xiva shahrida 29–30-sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oliy Majlis yuqori palatasi axborot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining Belarusga 2026-yil 9-iyul kuni amalga oshirgan davlat tashrifi O‘zbekiston – Belarus munosabatlarini strategik darajaga olib chiqdi hamda siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qildi. Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiya loyihalari va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Ushbu kelishuvlarni amalga oshirishda ikki mamlakat parlamentlari muhim o‘rin tutadi. Xususan, parlament diplomatiyasi orqali huquqiy asoslarni takomillashtirish va qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu nuqtai nazardan yig‘ilishda O‘zbekiston– Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish, yangi hamkorlik kelishuvlariga erishish hamda forum natijalarini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida belgilangan vazifalar muhokama qilindi.

Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklikni parlamentlararo muloqot va parlament diplomatiyasini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashning qonunchilik mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, raqamli transformatsiya, agrosanoat majmuasi, sog‘liqni saqlash, taʼlim, turizm va inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish orqali mustahkamlashdan iborat.

Mazkur forum doirasida Parlamentlararo komissiya, Yoshlar parlamentlarining majlisi, mahalliy vakillik organlarining uchrashuvi hamda O‘zbekiston – Belarus ayollarining to‘rtinchi biznes-forumini tashkil etish rejalashtirilgan.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston – Belarus ayollari biznes forumlari o‘zini ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi samarali muloqot maydoni sifatida namoyon etayotgani O‘zbekiston – Belarus hamkorligining muhim amaliy natijalaridan biridir. Forumlar doirasida yuzlab tijorat shartnomalari, investitsiya kelishuvlari va hamkorlik memorandumlari imzolanib, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

2023-yil sentabrda Minsk shahrida o‘tkazilgan birinchi O‘zbekiston – Belarus xotin-qizlar biznes-forumida umumiy qiymati 28,7 mln AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 42 ta hujjat imzolangan. 2024-yil avgustda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ikkinchi forum yakunlari bo‘yicha 89 mln AQSH dollaridan ziyod qiymatga ega 43 ta tijorat bitimi va 22 ta memorandum qabul qilingan. 2025-yildagi uchinchi forumda esa jami 49 ta hujjat, jumladan 88,2 mln AQSh dollari miqdorida 27 ta tijorat shartnomasi imzolangan.

To‘rtinchi biznes-forumda to‘rtta seksiya, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar va mehnat salohiyatidan foydalanish, agrosanoat majmuasida oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar, gumanitar va ijtimoiy sohada hamda turizm sohasida hamkorlik va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, ikki mamlakat tadbirkor ayollari va davlat organlari o‘rtasida “B2B” va “G2B” formatida uchrashuvlar tashkil etish, shuningdek, tijorat shartnomalari, bitimlar va hamkorlik memorandumlari tuzish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston – Belarus parlamentlararo forumini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha vazirlik va idoralar masʼullariga aniq topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish