“Agent travel”: O‘zbekiston ispan sayyohlari uchun eng jozibali yo‘nalishga aylanmoqda
Yanvar 30, 2026. 10:22 • 2 daq
• 33
MADRID, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning nufuzli “Agent travel” nashrida O‘zbekistonning turizm salohiyati va mamlakatda sayyohlarga yaratilgan sharoitlar haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrning turistik agentliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga tayanib yozishicha, O‘zbekiston o‘zining boy tarixiy merosi, anʼanaviy yo‘nalishlarga nisbatan gavjum bo‘lmagan shaharlari va rivojlanayotgan aviatsiyasi bilan Ispaniya bozorida mustahkam o‘rin egallamoqda. Mutaxassislar mamlakatni Iordaniya kabi klassik yo‘nalishlarda bo‘lib ulgurgan va yangi madaniy taassurotlar qidirayotgan sayyohlar uchun ideal muqobil sifatida baholamoqda.
Maqolada O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishning ortishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani asosiy omil bo‘lgani taʼkidlangan. Xususan, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Madrid va Toshkent o‘rtasidagi reyslari, “Iberojet” aviakompaniyasining Madrid va Saragosadan amalga oshirayotgan parvozlari ispan sayyohlariga Buyuk Ipak yo‘li merosini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkonini yaratmoqda.
Yirik turistik operatorlar ham ushbu ijobiy dinamikaga mos ravishda o‘z strategiyalarini o‘zgartirmoqda. “Avoris” kompaniyasi direktori Gustavo Serranoning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya ketma-ket uchinchi yil O‘zbekistonga maxsus dasturlarni ishga tushirgan bo‘lib, parvozlar geografiyasi Madrid bilan cheklanib qolmay, Barselona, Bilbao va Sevilya kabi shaharlarni ham qamrab olmoqda.
“TUI Spain” kompaniyasi O‘zbekiston bo‘yicha o‘z dasturlarini 30 foizga kengaytirganini maʼlum qilgan. Bu kabi yirik kompaniyalarning eʼtibori va investitsiyalari yangi yo‘nalishlarning bozorda uzoq muddatli va raqobatbardosh bo‘lib qolishini taʼminlaydi.
“O‘zbekiston kabi yo‘nalishlar sayyohlar kutganidan ziyodroq madaniy, tabiiy va gastronomik boyliklarni taqdim etadi. Raqamlashtirish, turoperatorlarning faol targ‘iboti va sifatli mehmonxona xizmatlari tufayli O‘zbekiston yaqin yillarda Ispaniya turizm bozorida yetakchi o‘rinlarni egallashi kutilmoqda”, deya maqolaga xulosa qilingan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
