Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari uchun konsullik xizmatlari mobil ilovasi ishga tushirildi

Iyun 11, 2026. 20:10 • 2 daq

7
Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari uchun konsullik xizmatlari mobil ilovasi ishga tushirildi

TOSHKЕNT, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Xorijda yashovchi yoki chet elga sayohat qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun konsullik masalalarini tezkor va masofadan turib hal etish, barcha zarur ma’lumotlarni bevosita texnik qurilma orqali taqdim etishga mo‘ljallangan rasmiy mobil ilova ishga tushirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu ilovada O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. Foydalanuvchilar elchixonalar va konsulliklarning manzillari, aloqa ma’lumotlari va joylashuvi to‘g‘risidagi dolzarb ma’lumotlarni olishi, shuningdek, o‘zlari turgan mamlakat yoki mintaqa tegishli bo‘lgan konsullik okrugini aniqlashi mumkin.

Dastlabki bosqichda ilova orqali O‘zbekistonga qaytish uchun sertifikatni rasmiylashtirish hamda vaqtinchalik yoki doimiy konsullik ro‘yxatidan o‘tish kabi xizmatlar ko‘rsatiladi. Kelgusida elektron xizmatlar ro‘yxatini izchil kengaytirib borish rejalashtirilgan.

Anketa va arizalarni avtomatik to‘ldirish tizimi platformaning asosiy xususiyatlaridan biriga aylandi. Zamonaviy raqamli yechimlarning joriy etilishi tufayli majburiy maydonlarning qariyb 80 foizi avtomatik tarzda to‘ldiriladi. Bu hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi va murojaat yuborish jarayonini osonlashtiradi.

Bundan tashqari, mobil ilovada O‘zbekiston fuqarolari uchun xorijiy davlatlarning viza talablariga bag‘ishlangan axborot bo‘limi ham mavjud. Ayni paytda ushbu xizmat sinov rejimida ishlamoqda va dolzarb ma’lumotlar bilan muntazam ravishda to‘ldirib borilmoqda.

Ilova bepul asosda taqdim etiladi. Uni quyidagi rasmiy havolalar orqali yuklab olish mumkin:

Google Play (Android):

https://play.google.com/store/apps/details?id=consular_services_uzb.org&hl=ru

App Store (iOS):

https://apps.apple.com/us/developer/mfa-uz/id1818537775

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish