“An-Nahar”: O‘zbekiston investorlar uchun tobora jozibador mamlakatga aylanmoqda

Iyun 21, 2026. 11:30 • 2 daq

10
“An-Nahar”: O‘zbekiston investorlar uchun tobora jozibador mamlakatga aylanmoqda

AL-KUVAYT, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning “An-Nahar” nashrida V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining beshinchi anjumanini ochib bergan. Tadbirda Albaniya Prezidenti Bayram Begay ham ishtirok etdi. Shu bilan birga, qator hukumat a’zolari, yuqori lavozimli amaldorlar, xalqaro moliya institutlari vakillari, shuningdek, dunyo bo‘ylab yirik kompaniyalar rahbarlari hamda investorlar qatnashdi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida ushbu forum xalqaro iqtisodiy va investitsiyaviy muloqot uchun muhim platformaga aylanganini ta’kidladi. U bu holat O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro ishonchning ortib borayotganini aks ettirishini qayd etib, mamlakat keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish orqali investitsiya muhitini yanada raqobatbardosh, shaffof va jozibador qilishga intilayotganini bildirdi.

Nashrda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston ochiq iqtisodiy siyosatga asoslangan rivojlanish yo‘lini tanlagan bo‘lib, uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. Xorijiy investitsiyalar nafaqat moliyaviy resurslarni jalb qilish, balki zamonaviy texnologiyalarni olib kirish, sanoatni mahalliylashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.

Albaniya Prezidenti Bayram Begayning fikricha, O‘zbekiston bilan iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. U ikki tomonlama munosabatlar yangi ochiqlik va yaqinlashuv bosqichiga kirganini alohida ta’kidladi.

Bayram Begayning ma’lum qilishicha, Albaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi istiqbolli hamkor deb biladi va savdo, sanoat, qayta tiklanuvchi energetika, turizm hamda logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirishni istaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish