O‘zbekistonda biznes uchun ish haqini hisoblashning to‘liq raqamlashtirilgan tizimi joriy etildi

Iyun 20, 2026. 15:00 • 2 daq

77
O‘zbekistonda biznes uchun ish haqini hisoblashning to‘liq raqamlashtirilgan tizimi joriy etildi

LONDON, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “The Fintech Times” nashrida “TBC Uzbekistan” kompaniyasi tomonidan kichik va o‘rta biznes korxonalari uchun ish haqini hisoblashning to‘liq raqamli tizimi joriy etilgani xususida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, yangi xizmat korporativ mijozlar uchun O‘zbekistondagi birinchi to‘liq raqamli moliyaviy ekotizim hisoblangan “TBC Business” platformasiga integratsiya qilingan. 2024 yil dekabr oyida ishga tushirilgan mazkur platforma bugungi kunga qadar mamlakat bo‘ylab 30 mingdan ortiq korxonani jalb etgan.

Yangi xizmat kompaniyalarga ish haqini bank muassasalarining ish jadvaliga bog‘lanmagan holda, kecha-yu kunduz to‘lash imkonini beradi.

Avtomatlashtirilgan tizim tufayli ish beruvchilar kunning istalgan vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin, xodimlar esa ish haqini “TBC Salom” debet kartalariga deyarli bir zumda, an’anaviy bank jarayonlariga xos kechikishlarsiz oladi.

Mazkur xizmat “TBC Business” ekotizimining tarkibiy qismi bo‘lib, unga kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish dasturlari, korporativ moliyani boshqarish uchun mobil ilova hamda biznes jarayonlarini avtomatlashtirish yechimlari kiradi. Platforma imkoniyatlari chakana savdo uchun dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi “BILLZ” kompaniyasining qo‘shib olinishi orqali yanada kengaytirilgan.

“TBC Uzbekistan” bosh direktori Nika Kurdianining ta’kidlashicha, yangi xizmat tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni soddalashtirish va kundalik jarayonlarni qo‘shimcha xarajatlarsiz avtomatlashtirishga qaratilgan.

Tizim, shuningdek, kompaniya xodimlarining raqamli bank xizmatlaridan foydalanishiga imkoniyat yaratadi. “TBC Salom” debet kartasi “TBC UZ” mobil ilovasi orqali to‘liq onlayn tarzda rasmiylashtiriladi. Foydalanuvchilar mablag‘lar qoldig‘idan foiz olish, keshbek dasturlaridan foydalanish hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish imkoniga ega.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda “TBC Uzbekistan” ekotizimi 6 millionga yaqin oylik faol foydalanuvchilarga ega. Platforma rivoji sun’iy intellekt asosidagi infratuzilmalar, jumladan, “Lola” virtual yordamchisi orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Yangi xizmatning ishga tushirilishi O‘zbekistonda raqamli bankingni yanada rivojlantirish va tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish