Varshavada Rishton kulolchilik maktabi targ‘ib qilindi

Iyun 21, 2026. 09:15 • 2 daq

36
Varshavada Rishton kulolchilik maktabi targ‘ib qilindi
Varshavada Rishton kulolchilik maktabi targ‘ib qilindi

VARSHAVA, 21-iyun /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi tomonidan Osiyo va Tinch okeani muzeyi bilan hamkorlikda Varshavadagi “Katta ustaxona” ijod saroyida “O‘zbekiston an’anaviy kulolchiligi: Rishton ustalari mehmonda” nomli madaniy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir ishtirokchilariga elchixona vakillari tomonidan mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, kulolchilik san’ati, mazkur yo‘nalishdagi Rishton maktabi tarixi, badiiy xususiyatlari va zamonaviy rivojlanish jarayonlari haqida ma’lumot berildi.

Osiyo va Tinch okeani muzeyi Markaziy Osiyo kolleksiyasi kuratori Karolina Kshivitska o‘zining O‘zbekistonga amalga oshirgan ijodiy va tadqiqot safarlari, Rishton kulollari bilan uchrashuvlari, an’anaviy sopol buyumlarni tayyorlash jarayoni, naqshlarning ramziy ma’nosi hamda o‘zbek xalq amaliy san’ati xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ishtirokchilar e’tiboriga Rishton kulolchiligi tarixi, mahalliy ustalar tajribasi, milliy hunarmandchilik an’analari va ularni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish imkoniyatlari to‘g‘risida taqdimot havola etildi.

Uchrashuv davomida o‘zbek milliy hunarmandchiligini Polshada targ‘ib qilish, kelgusida ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, mahorat darslari va madaniy almashinuv tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish