Kipr biznes delegatsiyasi Toshkentda qator uchrashuvlar o‘tkazdi

Iyul 16, 2026. 12:30 • 2 daq

7
Kipr biznes delegatsiyasi Toshkentda qator uchrashuvlar o‘tkazdi

TOSHKENT, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Kipr va O‘zbekiston biznes uyushmasi vitse-prezidenti Nataliya Kardash boshchiligida kiprlik tadbirkorlardan iborat delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Rim shahridagi diplomatik vakolatxonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan xizmat safarida Kiprning o‘ndan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tashrif doirasida “IT Park” va “Holiday Inn Tashkent City” maydonlarida axborot texnologiyalari, investitsiyalar, bank sohasi, huquq, savdo va kosmetika sanoati vakillari ishtirokida davra suhbatlari hamda B2B formatida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muloqot davomida delegatsiya tarkibidagi kompaniyalar “IT Park” rezidentiga aylanish hamda Yevropa investorlarini startap loyihalariga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilish niyatini bildirdi.

Kipr tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, “EUROUZ” va “IT Community of Uzbekistan” biznes-klublari bilan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi aloqalarni kengaytirish hamda xorijiy buyurtmachilar bilan ishlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, Kipr va O‘zbekiston biznes uyushmasining “IT Alliance”, “AmCham”, “Pro Business Club” hamda “HR Business Partners Association” bilan hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini ixtisoslashgan nashrlar orqali targ‘ib qilish, muntazam biznes-missiyalarni tashkil etish va sohaga yevropalik mutaxassislarni jalb etishni hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ekanini qayd etdi.

Tashrif yakunida ishbilarmonlik aloqalarini yana-da faollashtirish va joriy yil sentyabr oyida Nikosiya shahrida navbatdagi O‘zbekiston–Kipr biznes-forumini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish