O‘zbekiston banki Vengriya tajribasi asosida zamonaviy universal bankka aylantiriladi
Iyul 16, 2026. 11:30 • 2 daq
• 89
BUDAPESHT, 16-iyul. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning nufuzli “Daily News Hungary” nashrida eʼlon qilingan intervyuda “OTP Group” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Adam Sentpeteri “Ipoteka Bank”ni zamonaviy universal tijorat bankiga aylantirish jarayoni haqida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Adam Sentpeterining taʼkidlashicha, “Ipoteka Bank”ni sotib olish bo‘yicha kelishuv 2022-yilda imzolangan bo‘lib, bankni integratsiya qilish va transformatsiya qilish jarayoni 2023-yilda boshlangan. Asosiy maqsad, avval ipoteka kreditlashga ixtisoslashgan bankni zamonaviy, to‘liq siklli moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi universal tijorat bankiga aylantirishdan iborat bo‘lgan.
“Biz operatsion jarayonlarni qayta ko‘rib chiqmoqdamiz. Bank xizmatlari turini kengaytiryapmiz, axborot texnologiyalari tizimlarini modernizatsiya qilyapmiz hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshiryapmiz. Bu jarayonda raqamlashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi”, – degan “OTP Group” vakili.
Adam Sentpeterining maʼlum qilishicha, amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini moliyaviy ko‘rsatkichlarda ham namoyon etmoqda. Jumladan, “Ipoteka Bank”ning sof foydasi 2024-yil yakunlariga ko‘ra, qariyb 100 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich taxminan 140 million dollarga yetgan.
Bundan tashqari, bank vakili intervyuda O‘zbekiston moliya sektori, infratuzilma, texnologiyalar, agrosanoat majmuasi va isteʼmol xizmatlari sohasi jadal rivojlanayotgani bois xorijiy investorlar uchun jozibador bozorga aylanib borayotganini taʼkidlagan. Uning fikricha, vengriyalik kompaniyalar uchun raqamlashtirish, oziq-ovqat sanoati, agrotexnologiyalar, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash va taʼlim sohalari istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi.
Shu bilan birga, u bank transformatsiyasidagi eng katta vazifa modernizatsiya, raqamlashtirish va “OTP Group” tizimiga integratsiya jarayonlarini bir vaqtning o‘zida amalga oshirish ekanini qayd etgan.
“Modernizatsiyani raqamlashtirishsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, raqamlashtirish esa tashkiliy islohotlarsiz yetarlicha samara bermaydi”, – deya qo‘shimcha qilgan Adam Sentpeteri.
U Toshkentdagi hayoti va faoliyati haqida so‘z yuritar ekan, vengriyalik mutaxassis shahardagi rivojlangan infratuzilma va xorijiy mutaxassislar uchun yaratilgan qulay sharoitlarni alohida eʼtirof etgan. Ayniqsa, O‘zbekiston aholisining ochiqko‘ngilligi, mehmondo‘stligi va taraqqiyotga intilishini yuqori baholagan.
“Daily News Hungary” nashrining yozishicha, “Ipoteka Bank”ning transformatsiya qilinishi O‘zbekiston–Vengriya iqtisodiy hamkorligini yana-da mustahkamlash va mamlakatga yangi investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi