Logo

Milodiy II-III asrlarga oid noqonuniy olib ketilgan tarixiy boyliklar Islom sivilizatsiyasi markaziga qaytarildi

May 01, 2026. 11:55 • 3 daq

210
Milodiy II-III asrlarga oid noqonuniy olib ketilgan tarixiy boyliklar Islom sivilizatsiyasi markaziga qaytarildi

TOSHKENT, 1-may. /“Dunyo” AA/. Milodiy II-III asrlarga oid o‘g‘irlangan madaniy boyliklar Yevropaning turli mamlakatlari huquq-tartibot idoralari va olimlari ishtirokida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruv natijasida O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Baqtriya va Kushon imperiyalarining markazi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidan noqonuniy olib chiqilgan artefaktlarning bir qismi Buyuk Britaniya poytaxti politsiyasining Sanʼat va antiqa buyumlar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan O‘zbekistonning Londondagi elchixonasiga taqdim etildi. Keyinchalik ular vatanga yetkazilib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan joy oladi.

Ushbu voqea O‘zbekistonning milliy madaniy merosni qaytarish borasidagi izchil siyosatining yaqqol dalili bo‘ldi va butun dunyoda madaniy qadriyatlarni himoya qilish tendensiyasi kuchayib borayotganini yana bir bor isbotladi.

Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov o‘z fikrini bildirib o‘tdi:

“Ushbu voqea O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning madaniy boyliklarni vatanga qaytarishga qaratilgan izchil siyosati xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotganining tasdig‘idir. Biz hamkorlarimiz va Yevropa mamlakatlari huquq-tartibot idoralari vakillaridan ko‘rsatgan yordamlari uchun juda minnatdormiz va madaniy merosimizni asrab-avaylash va tiklashda kelgusida ham hamkorlik qilishga umid qilamiz”.

London politsiyasi detektivi Sofi Xeys taniqli olimlar va rasmiylar yig‘ilishiga topilgan artefaktlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat boyligi ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergov milliy va xorijiy mutaxassislar, EXHT va WOSCU ko‘magida olib borilgan.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan buyumlar 2025-yil noyabr oyida politsiya tomonidan “Inherent Vice” operatsiyasi deb nomlangan tergov davomida topilgan topilmalar qatoriga kiradi.

Jami to‘qqizta eksponat, jumladan, haykallarning boshlari va gipsli freska parchalari namoyish etildi. Bu yodgorliklar milodiy II-III asrlardan VII asrlargacha bo‘lgan davrga oid bo‘lib, O‘zbekiston uchun ham, kengroq islom dunyosi uchun ham g‘oyat muhim tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu bebaho osori-atiqalarning qaytarilishi nafaqat Yangi O‘zbekistonning yutug‘i, balki tarixiy merosini asrab-avaylashda xalqaro hamkorlik aloqalari natijasidir.

Islom sivilizatsiyasi markazi, bo‘lajak “Sotheby‘s” va “Christie‘s” auksionlarida ishtirok etish va London sanʼat galereyalariga tashrif buyurish niyatida ekanini maʼlum qildi. Ushbu tashabbuslar o‘zbek madaniy merosining yangi buyumlarini saqlab qolish va vatanga qaytarish maqsadida sotib olishga qaratilgan.

O‘zbekistonning madaniy merosni qaytarish va himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlari xalqaro hamjamiyatning eʼtibori va qo‘llab-quvvatlashiga sazovor bo‘lmoqda.

Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkent markazidagi qadimiy Shoshning tarixiy hududida, Hazrati Imom majmuasi yonida joylashgan.

Uch qavatli binoning o‘lchamlari 145 ga 115 metr bo‘lib, markaziy gumbazining balandligi 65 metrga yetadi. Unda dunyodagi eng qadimiy qo‘lyozma Qurʼon nusxalaridan biri bo‘lgan Usmon Qurʼoni saqlanadi. Usmon Qurʼoni YUNESKO tomonidan “Jahon xotirasi” ro‘yxati – jahon madaniy ahamiyatiga molik obyektlarni saqlash va ommalashtirish bo‘yicha xalqaro dasturga kiritilgan.

Asosiy muzey ekspozitsiyasi maydoni qariyb 15 ming kvadrat metrni tashkil etadi, boshqa xonalarda ilmiy markaz, raqamlashtirish va restavratsiya laboratoriyalari joylashadi.

Tashrif buyuruvchilar Markaz tomonidan butun dunyo bo‘ylab muzeylar, mashhur galereyalar va shaxsiy kolleksiyalardan to‘plangan turli davrlarga oid nodir ashyolarni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Interaktiv ekspozitsiyalar eng muhim kashfiyotlardan biri bo‘lgan algebra, astronomiya va tibbiyot sohasidagi yutuqlarni “jonlantirish” imkonini beradi.

“Qaytarilgan buyumlar zamonaviy O‘zbekiston hududining qadimiy tarixining turli davrlariga oid bo‘lib, Markaziy Osiyoda asrlar davomida kechgan sivilizatsiya jarayonlarining xilma-xilligini aks ettirishi bilan alohida tarixiy va ilmiy qimmatga ega”, – deydi O‘zbekiston Antropologiya instituti direktori Farhod Maqsudov.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish