Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro investitsiya forumi Xitoy OAV eʼtiborida
Aprel 26, 2026. 10:00 • 2 daq
• 569
PEKIN, 26-aprel. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “Victwo” nashrida shu yilning iyun oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, bu galgi forumning asosiy mavzusi Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatiga bag‘ishlanadi. Ushbu markaz alohida huquqiy rejim, mustaqil moliyaviy nazorat tizimi, arbitraj markazi hamda 2076-yilgacha soliq imtiyozlarini o‘z ichiga olgan zamonaviy tizim sifatida shakllantirilmoqda.
Forum dasturida investitsiya barqarorligi va kapital himoyasi, moliyaviy infratuzilma va kapital bozorlari, savdo va logistika aloqalari, energetika va iqlimni moliyalashtirish masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Energetika masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. O‘zbekiston 2030-yilga borib elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan manbalar ulushini 54 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Hozirda mamlakatda quvvati 4 GVtdan ortiq bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlamoqda, kelgusida esa yana 19 GVt “yashil” quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, forum doirasida turli davlatlar bilan ikki tomonlama biznes muloqotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ular orasida Koreya Respublikasi, AQSH, Xorvatiya, Vengriya, Turkiya va Albaniya bilan hamkorlik tadbirlari, Xitoy va SHHT mamlakatlari o‘rtasida investitsiya muloqotlari bo‘lib o‘tadi.
Maqolada yozilishicha, mazkur forum O‘zbekiston uchun investitsiya siyosatining muhim amaliy vositasi hisoblanadi. Uning samaradorligi imzolangan kelishuvlar soni bilan emas, balki mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilgan real investitsiyalar hajmi bilan baholanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi