Toshkentda O‘zbekiston–Turkiya ishbilarmonlar forumi bo‘lib o‘tadi
May 01, 2026. 10:30 • 2 daq
• 177
TOSHKENT, 1-may. /“Dunyo” AA/. Shu yil 5-may kuni Toshkent shahrida iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiya loyihalarini kengaytirish hamda sanoat sohasida strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston–Turkiya ishbilarmonlar forumi o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forum O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari, Texnologik metallar kompleksi (TMK) hamda “OSTİM Organize Sanayi Bölgesi” hamkorligida tashkil etiladi.
Forumda ishtirok etadigan, yurtimizdagi yetakchi sanoat tuzilmalaridan biri — O‘zbekiston texnologik metallar kompleksi kritik minerallar va texnologik metallar sohasida faoliyat yurituvchi yirik korxona hisoblanadi. TMK sanoat ekotizimi sifatida xalqaro investorlar uchun ishonchli hamkorga aylangan. U geologik qidiruvdan boshlab, qazib olish, chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq “kon–metall–bozor” qiymat zanjirini amalga oshiradi.
Tadbirda TMK tomonidan kritik minerallar sohasidagi istiqbolli investitsiya loyihalari taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar muhokama qilinadi.
TMK strategiyasi faqat xomashyo qazib olish bilan cheklanmay, balki ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga asoslangan industrial modelni rivojlantirishga qaratilgan.
Ishbilarmonlar forumida TMK tizimidagi qator ixtisoslashgan korxonalar ham o‘z loyihalari bilan ishtirok etadi. Xususan, “TMK Chemicals” – oltingugurt kislotasi ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat loyihalari, “R&D Park” – kritik minerallar sohasida ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar markazi, “Kelajak metallari texnologiya parki” – noyob va kritik metallarni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan texnologik platforma, “UTMK Smart Powder” – kukun metallurgiyasi asosida yuqori texnologik materiallar ishlab chiqarish yo‘nalishi “Graphtech Mining and Production” – zamonaviy konchilik va ishlab chiqarish loyihalarini namoyish qiladi.
Forum TMK uchun xalqaro investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, yangi texnologiyalarni jalb qilish va global qiymat zanjiriga integratsiyani kuchaytirish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi