“China Daily”: Xitoy O‘zbekistonning yirik savdo-iqtisodiy hamkori va strategik sherigiga aylanmoqda

Sentabr 05, 2026. 19:30 • 2 daq

22
“China Daily”: Xitoy O‘zbekistonning yirik savdo-iqtisodiy hamkori va strategik sherigiga aylanmoqda

PEKIN, 5-sentabr. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “China Daily” nashrida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda O‘zbekiston–Xitoy munosabatlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanganidek, o‘tgan yillar davomida Xitoy O‘zbekistonning yirik savdo-iqtisodiy hamkori, investori hamda keng ko‘lamli infratuzilmaviy, sanoat va texnologik loyihalardagi faol sherigiga aylandi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib, o‘zaro aloqalarning barcha yo‘nalishlarida samarali natijalar bermoqda.

2025-yilda Xitoyning O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 21,2 foizni tashkil etdi. Bu qariyb 17,2 milliard dollarga teng. Mazkur ko‘rsatkichlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini yaqqol namoyon etadi. O‘zbekiston Xitoydan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan mashina va uskunalar, butlovchi qismlar hamda zamonaviy texnologiyalarni import qilmoqda.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekistonda BYD elektromobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu loyihaning strategik ahamiyati nafaqat ishlab chiqarilayotgan avtomobillar soni, balki ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi, mahalliy yetkazib beruvchilarning jarayondagi ishtiroki, texnik mutaxassislarni tayyorlash hamda mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqarish imkoniyatlari bilan belgilanadi.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining ahamiyati transport sohasi doirasidan ancha keng. Kutilayotgan yangi temir yo‘l Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi masofa va tashish yo‘nalishini qisqartirib, Janubiy va G‘arbiy Osiyo bozorlari bilan qo‘shimcha transport aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Bu shunchaki tranzit yo‘nalishi emas, balki rivojlanish koridoriga aylanadi. Temir yo‘l bo‘ylab logistika markazlari, sanoat zonalari, qayta ishlash korxonalari, taʼlim muassasalari, servis kompaniyalari va zamonaviy bojxona tizimlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Muallifning qayd etishicha, O‘zbekiston–Xitoy munosabatlari ikki tomonlama aloqalar doirasidan tashqariga chiqmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti va “Xitoy–Markaziy Osiyo” mexanizmi mintaqaviy hamkorlik uchun yana-da keng imkoniyatlar yaratmoqda. Ikki davlat, shuningdek, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.

2025-yil 1-iyundan kuchga kirgan va fuqarolarga 30 kungacha bo‘lgan muddatga vizasiz tashrif buyurish imkonini beruvchi vizasiz rejim turizm, tadbirkorlik, akademik aloqalar va xalqlar o‘rtasidagi bevosita muloqotlar uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish