Vladimir Kuxarev: Minsk uchun Toshkent bilan do‘stona va ishonchli munosabatlar juda qadrli
Sentabr 05, 2026. 09:10 • 2 daq
• 88
MINSK, 5-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Minsk shahar ijroiya qo‘mitasi raisi Vladimir Kuxarev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Minsk shahar ijroiya qo‘mitasi hamda barcha minskliklar nomidan O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
O‘zbekiston biz uchun nafaqat ishonchli hamkor, balki yillar davomida do‘st bo‘lib kelayotgan mamlakatdir. Bizni diplomatik munosabatlardan tashqari o‘zaro hurmat va ishonch birlashtirib turadi.
Minsk uchun Toshkent shahri bilan do‘stona va ishonchli munosabatlar juda qadrli. Biz qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va xalqimiz uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida birgalikda harakat qilayapmiz.
Shaharlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari turli sohalarni qamrab olgan. Ularni rivojlantirishda asosiy hujjatlardan biri – Minsk va Toshkentning 2028-yilgacha bo‘lgan hamkorlik yo‘l xaritasidir.
Belarus va O‘zbekiston munosabatlariga yangi turtki bergan muhim voqealardan biri joriy yil iyul oyida Minsk shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan Belarus va O‘zbekiston hududlarining III forumi bo‘ldi.
Bizning asosiy eʼtiborimiz iqtisodiy hamkorlik, sanoat va investitsiya sohalaridagi hamkorlik, qo‘shma korxonalar tashkil etishga qaratilgan.
Taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlik, yoshlar bilan ishlash ham biz uchun muhim. Minsk shahrida o‘tkazilgan Yosh davlat xizmatchilarining III forumida o‘zbekistonliklar ham munosib qatnashganini eʼtirof etish lozim.
Yosh mutaxassislar tajriba almashish, davlat boshqaruvining zamonaviy usullarini muhokama qilish va yangi kasbiy aloqalar o‘rnatish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Kelgusida Minskning O‘zbekistonning boshqa shaharlari bilan ham ishbilarmonlik va do‘stlik aloqalarini kengaytirish, shahar boshqaruvi sohasida tajriba almashish va odamlar hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
O‘zbekiston xalqiga mustahkam sog‘lik, baxt, tinchlik va yana-da farovonlik tilaymiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi