Diyene Keyta: O‘zbekiston gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish tizimini mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishdi
May 13, 2026. 08:15 • 11 daq
• 11
TOSHKENT, 13-may. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta Buxoroda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi Osiyo xotin-qizlari forumiga tashrifi arafasida “Dunyo” axborot agentligi muxbiri savollariga javob berdi:
– O‘zbekiston yoshlar ulushi yuqori bo‘lgan demografik salohiyatga ega mamlakat hisoblanadi va ushbu imkoniyatdan samarali foydalanish uchun faol harakatlar qilmoqda. Aytingchi, O‘zbekistonning demografik dividendni amalga oshirish tajribasini qanday baholaysiz va undan barqaror foydalanishning asosiy omillari nimalardan iborat?
– Haqiqatdan, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining eng muhim demografik bosqichida turibdi. Mamlakat aholisi 38 milliondan ortiq bo‘lib, ularning 55 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.
Yaqin o‘n yilliklarda aholi sonining yanada o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu demografik salohiyatni rivojlanish, innovatsiyalar va inklyuziv iqtisodiy o‘sishning kuchli dvigateliga aylantirish uchun katta imkoniyatdir.
Ayniqsa, O‘zbekiston yoshlar salohiyatiga sarmoya kiritishga jiddiy intilishini namoyish etayotgani bizni ruhlantiradi. Demografik o‘zgarishlar bu yerda shunchaki boshqarishni talab qiladigan muammo emas, balki strategik ustunlik va milliy rivojlanish resursi sifatida qaraladi.
O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakatda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning imkoniyatini kengaytirish borasida keng ko‘lamli saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Qilingan mehnat allaqachon natija bera boshlagan. Eng muhim yutuqlar orasida kambag‘allik darajasining 8,9 foizdan 5,8 foizga pasayishi, shuningdek, so‘nggi o‘n yil ichida oliy taʼlim bilan qamrovning qariyb besh baravar - 9 foizdan 42 foizga o‘sishi bor.
UNFPA nuqtai nazaridan asosiy xulosa shundan iboratki, demografik dividend o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uni amalga oshirish uchun yoshlarning taʼlimi, ko‘nikmalari, salomatligi va bandligiga barqaror investitsiyalar zarur.
Shu bilan birga, reproduktiv salomatlik sohasida mustaqil ravishda asosli qarorlar qabul qilish imkoniyati taʼlimni davom ettirish, iqtisodiy faollik va o‘zini namoyon qilish uchun kengroq imkoniyatlar bilan bevosita bog‘liq. Bunday imkoniyatlarni kengaytirish nafaqat inson huquqlari masalasi, balki inklyuziv iqtisodiy o‘sish va barqaror rivojlanishning eng muhim omilidir.
Yana bir asosiy omil – qaror qabul qilish uchun sifatli maʼlumotlarning mavjudligi. Aynan maʼlumotlar demografik salohiyatni rivojlanishning real natijalariga aylantirish uchun asos bo‘ladi. 2026 yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekiston uchun bu tarixiy voqea bo‘ldi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlaridan keyin maʼlumotlar qayta ishlanib, tahlil qilingandan so‘ng taʼlim tizimi, sog‘liqni saqlash, ish o‘rinlari, uy-joy, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda aniq raqamlar chiqadi. Bu raqamlar ijtimoiy himoya bo‘yicha aynan odamlar yashaydigan, ehtiyojlar eng yuqori bo‘lgan va kelajakdagi imkoniyatlar shakllanadigan joylarga keng sarmoya kiritishga yordam beradi.
Umuman olganda, O‘zbekiston tajribasi katta umid uyg‘otadi. Mamlakat demografik jarayonlarni barqaror rivojlanish omiliga aylantirish uchun ham sezilarli demografik salohiyatga, ham islohotlarning zarur dinamikasiga ega. Bugungi kunda har bir yoshga, ayniqsa, xotin-qizlarning o‘qishi, ishlashi, hayotiy qarorlar qabul qilishi borasida maqsadli ishlar bajarilmoqda. Eng muhimi, mamlakatining kelajagini shakllantirishda yoshlar faol va to‘laqonli ishtirok etmoqda.
– So‘nggi yillarda UNFPA ko‘magida O‘zbekistonda onalik va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish sohasida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirildi. Sizningcha, bugungi kunda O‘zbekistondagi qanday yondashuvlar va innovatsiyalar bunday xizmatlar sifatini va ulardan foydalanish imkoniyatini, ayniqsa, hududlardagi ayollar uchun eng samarali tarzda oshirish imkonini beradi?
– O‘zbekiston onalik va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilishni asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylantirdi va natijalar allaqachon ko‘zga tashlanmoqda. Onalar o‘limi 2010-yildagi har 100 ming tirik tug‘ilgan chaqaloqqa to‘g‘ri keladigan 21 holatdan 2025-yilda 10,9 holatgacha kamaydi. Bugungi kunda deyarli barcha tug‘ruqlar malakali tibbiyot xodimlari ishtirokida amalga oshirilmoqda. Bu, ayniqsa, har yili bir millionga yaqin bola tug‘iladigan mamlakat uchun juda muhimdir.
O‘zbekiston alohida chora-tadbirlarga emas, balki milliy standartlar va tibbiyot kadrlarini tayyorlashdan tortib, uskunalar bilan jihozlash, raqamlashtirish, oilani rejalashtirish va onkologik kasalliklar skriningigacha bo‘lgan butun tizimni mustahkamlashga eʼtibor qaratmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda UNFPA onalikni muhofaza qilish va perinatal yordam tizimini modernizatsiya qilish, jumladan, klinik standartlarni yangilash, shoshilinch akusherlik yordamini takomillashtirish va mamlakat tug‘ruq muassasasiga hayotiy zarur uskunalarni yetkazib berishni qo‘llab-quvvatladi. Jamg‘arma dasturlari doirasida 18 mingdan ortiq tibbiyot xodimlarining malakasi oshirildi. Mamlakat bo‘ylab 40 mingdan ortiq mutaxassislar uchun yangilangan akusherlik va perinatal protokollar joriy etildi.
Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, xususan, Milliy raqamli sog‘liqni saqlash platformasi muhim ahamiyat kasb etadi. UNFPA qo‘llab-quvvatlayotgan islohotlar, jumladan, dori-darmon zaxiralarini boshqarishning yangi tizimlari ehtiyojlarni avvaldan aniqlashga yordam beradi. Bu esa dori-darmon yetishmovchiligining oldini olish va ayniqsa ayollar uchun zarur tibbiy mahsulotlarni vaqtida yetkazib berish imkonini yaratadi. Shuningdek, teletibbiyot xizmatlari orqali olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi ayollar uchun tug‘ruqdan oldingi ko‘riklar va ona salomatligi bo‘yicha maslahatlarni uyiga yaqinlashtirish mumkin.
Oilani rejalashtirish eng muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2023-yildan buyon UNFPA O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik doirasida butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy kontratsepsiya vositalaridan foydalanish imkonini kengaytirishga ko‘maklashmoqda. Bu degani, tobora ko‘proq ayollar va oilalar o‘z salomatligi va kelajagi haqida ongli qarorlar qabul qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.
2024-yilda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoniga qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha qabul qilingan muhim qaror alohida eʼtiborga loyiq. Bu ayollar reproduktiv salomatligini davlat siyosati darajasiga ko‘tarishda sezilarli yutuq bo‘ldi.
Hozirgi kunda birlamchi tibbiy yordam tizimida profilaktika, erta aniqlash va skrining xizmatlari kengaytirilmoqda. Bu esa ko‘plab kasalliklarni vaqtida topish va davolash imkonini oshirmoqda. Ushbu choralar inson hayotini saqlab qolish, ayollar salomatligini yaxshilash hamda mamlakatning barcha hududlarida sifatli tibbiy xizmatdan teng foydalanishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, siyosiy iroda insonlar, texnologiyalar, maʼlumot, bilim va hamkorlikka tizimli investitsiyalar bilan qo‘llab-quvvatlangandagina haqiqiy taraqqiyotga erishish mumkin.
Jamg‘armamiz har bir ayol, qayerda yashashidan qatʼi nazar, nafaqat onalik va reproduktiv salomatlik sohasida sifatli xizmatlardan foydalanish, balki o‘z salomatligi bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish imkoniga ega bo‘lishi uchun ushbu saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi. UNFPA uchun ayollar va qizlarning huquq hamda tanlov erkinligi har doim muhim bo‘lib kelgan.
– O‘zbekistonda gender tenglik va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish masalalariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada erishilgan natijalarni qanday baholaysiz?
– O‘zbekiston gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish tizimini mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishdi. Bu masalalar bugungi kunda nafaqat ijtimoiy muammo, balki barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy himoya va milliy taraqqiyotning asosiy elementi sifatida qaralishi ayniqsa muhimdir.
Eng muhim bosqichlardan biri oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortish hamda jabrlanuvchilarni himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun hujjatlarining qabul qilinishi bo‘ldi. Bu islohotlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilib, samarali mexanizmlar va xizmatlar orqali hayotga tatbiq etilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbarligida ijtimoiy, huquqiy, psixologik, tibbiy va himoya xizmatlarini birlashtirgan, muvofiqlashtirilgan hamda jabrlanuvchilar manfaatlariga yo‘naltirilgan tizim shakllantirilmoqda.
UNFPA mamlakatda qayta yo‘naltirish mexanizmlarini takomillashtirish, javob berishning standart tartib-qoidalarini joriy etish, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish hamda oldingi safda ishlayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi va yuqori baholaydi. Inklyuzivlikka eʼtibor ortib borayotgani, xususan nogironligi bo‘lgan ayollar va qizlarning himoya va qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan to‘siqsiz foydalanishini taʼminlash yo‘nalishidagi ishlar ham olqishlanadi.
Yana bir muhim yo‘nalish – profilaktika. O‘zbekistonda zo‘ravonlikka barham berish uchun zararli ijtimoiy meʼyorlar va stereotiplarni o‘zgartirish zarurligi tobora kengroq anglab yetilmoqda.
Birgalikdagi ishlar doirasida mahallalar, yoshlar, erkaklar va o‘g‘il bolalar, diniy yetakchilar, parlament aʼzolari hamda fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etish yana-da kuchaytirilmoqda. Bu juda muhim, chunki ayollarga nisbatan zo‘ravonlik faqat individual xatti-harakatlar bilan emas, balki hokimiyatning tengsiz munosabatlari va kamsituvchi ijtimoiy qarashlar bilan ham bog‘liq bo‘lib, ularni birgalikda bartaraf etish zarur.
Albatta, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p – ayniqsa moliyalashtirish, amaliy ijro, xizmatlar sifati va uzoq muddatli profilaktika sohalarida. Biroq yo‘nalish aniq: O‘zbekiston har bir ayol va qiz zo‘ravonlik va kamsitishsiz yashaydigan, teng imkoniyatlarga ega bo‘ladigan hamda o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara oladigan jamiyatning mustahkam asoslarini yaratmoqda.
– Buxoroda ikkinchi Osiyo xotin-qizlari forumida ishtirok etasiz. Xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini ilgari surishda ushbu forumning ahamiyatini qanday baholaysiz va bu borada qanaqa amaliy natijalarga erishish mumkin?
– Buxoroda o‘tkazilayotgan Ikkinchi Osiyo xotin-qizlari forumi shunchaki mintaqaviy tadbir emas. Bu kelajakdagi ayollar yetakchiligini shakllantirish, Osiyo va undan tashqarida ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim xalqaro maydondir.
Forum asta-sekin ayollar huquqlari va inklyuziv rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy hamkorlik platformasiga aylanib borayotgani bu sohadagi taraqqiyotni jadallashtirish uchun tajriba va g‘oyalar almashish muhimligini ko‘rsatadi.
Forum g‘oyat muhim davrda o‘tmoqda. Bugungi kunda Osiyo mamlakatlari keng ko‘lamli demografik, iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy o‘zgarishlarga duch kelmoqda. Bunday sharoitda ayollar va qizlarga sarmoya kiritish nafaqat to‘g‘ri qaror, balki barqaror rivojlanish, jamiyatlar barqarorligi va tinchlikka eng samarali sarmoyalardan biridir.
Men forumni muloqot aniq harakatlarga aylana oladigan makon deb bilaman. U siyosiy yetakchilar, parlament aʼzolari, ekspertlar, xalqaro hamkorlar, fuqarolik jamiyati vakillari, yoshlar va yetakchi ayollarni qarorlar almashish, hamkorlikni shakllantirish va amaliy majburiyatlarni ilgari surish uchun birlashtiradi.
UNFPA uchun ushbu tadbir alohida ahamiyatga ega. Chunki biz demografik jarayonlar, sog‘liqni saqlash va gender tengligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalarida global tajribaga egamiz. Biz mamlakatlarga maʼlumotlarga asoslangan siyosatni ishlab chiqishda va ayollar hamda yoshlarning imkoniyatlarini kengaytiruvchi tizimlarni mustahkamlashda yordam beramiz. Forumda biz ushbu ustuvor yo‘nalishlarni odamlar hayotini yaxshilaydigan amaliy yechimlarga aylantirish bo‘yicha muhokamalarda ishtirok etmoqdamiz.
Shuni tan olish kerakki, xotin-qizlar hamon mintaqada ham, butun dunyoda ham inson kapitalining amalga oshirilmagan eng yirik manbai bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, gender tengligi shunchaki maqsad emas, balki o‘sish, barqarorlik va umumiy farovonlik uchun imkoniyat ochadigan demografik dividend hisoblanadi.
Xotin-qizlarga sarmoya kiritish har qanday davlat qilishi mumkin bo‘lgan eng oqilona sarmoyadir. Ayollar huquqlari va tanlovi rivojlanish siyosatining markaziy elementiga aylansa, jamiyatlar yana-da barqaror va farovon bo‘ladi.
Shuningdek, men forumning yangi dolzarb masalalarga eʼtibor qaratayotganini olqishlayman. Jumladan, ayollarning innovatsiyalar, texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi ishtiroki, shu bilan birga raqamli texnologiyalar orqali ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining ortib borayotgani muhim mavzu sifatida ko‘tarilmoqda. Jamiyatlarimiz tobora raqamlashib borayotgan bir paytda, ayollar va qizlarning internetdagi huquqlari va xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi kerak.
Umid qilamanki, tadbirning amaliy natijalari mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash, yangi siyosiy majburiyatlarni qabul qilish, ayollar va qizlarga investitsiyalarni ko‘paytirish, aniq qo‘shma tashabbuslarni ishga tushirishdan iborat bo‘ladi.
Ishonchim komilki, forum yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Buxoro deklaratsiyasi gender tenglik faqat tor sohaviy masala emas, balki milliy taraqqiyot, inson kapitali va jamiyat barqarorligining muhim strategik omili ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
UNFPA O‘zbekiston hukumati va hamkorlari bilan birgalikda ushbu muhim forumning hammuallifi ekanidan faxrlanadi va mamlakatning bunday ulkan va kelajakka yo‘naltirilgan mintaqaviy va xalqaro muloqotni yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholaydi.
– O‘zbekistonga tashrifingiz UNFPA bilan hamkorlik faol rivojlanib borayotgan sharoitga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu tashrifdan qanday natijalar kutayapsiz va kelajakda hamkorlikning yana qanaqa yo‘nalishlarini rivojlantirish mumkin?
– Mamlakatingizga tashrifim O‘zbekiston va UNFPA o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat ko‘lami, balki strategik maqsadlar darajasida ham jadal rivojlanayotgan muhim bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Men O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlayman va hamkorligimizni yana-da mustahkamlashga harakat qilaman.
UNFPA O‘zbekistonda 1993-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va bu yil o‘zining oltinchi mamlakat dasturini ishga tushirdi. Ushbu dastur yuqori maqsadlari, inson kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiyalari va mamlakatning milliy ustuvor yo‘nalishlari bilan to‘liq uyg‘unligi bilan ajralib turadi.
Mening asosiy umidim – O‘zbekistondagi islohotlar odamlar, ayniqsa ayollar, yoshlar, oilalar va mahalliy hamjamiyatlar hayotini qanday yaxshilayotganini bevosita kuzatishdir. Shu bilan birga, kelgusi yillarda UNFPA mamlakat ustuvor yo‘nalishlarini qanday samarali qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini yaxshiroq anglash uchun davlat idoralari, parlament aʼzolari, fuqarolik jamiyati vakillari, yoshlar hamda xalqaro hamkorlar bilan uchrashishni intizorlik bilan kutaman.
O‘zbekiston hozir taraqqiyotining muhim bosqichiga kirmoqda. Mamlakat inson kapitaliga sarmoya kiritmoqda, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlamoqda, ayollar imkoniyatlarini kengaytirmoqda, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilmoqda, tarixiy aholini ro‘yxatga olish jarayonini yakunlamoqda va demografik barqarorlik masalalarini davlat siyosatining markaziga qo‘ymoqda. Shu sohalarda UNFPAning global tajribasi maʼlumotlarga asoslangan siyosat, inklyuziv rivojlanish va uzoq muddatli barqaror rejalashtirishni qo‘llab-quvvatlash orqali sezilarli foyda keltirishi mumkin.
Tashrifimning asosiy g‘oyasi aniq: UNFPA O‘zbekistonning ishonchli hamkori sifatida faxrlanadi. Biz islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, inson kapitaliga sarmoya kiritish va barcha uchun sog‘lom, teng huquqli hamda barqaror kelajakni barpo etish yo‘lida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga intilamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Mixael Kortenbush: OTB sammitining Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshiradi

Verena Xagg: O‘zbekiston iqtisodiy islohotlar va yana-da qulay investitsiya muhitini yaratishga qatʼiy intilishini namoyish etmoqda


