Logo

Olivye Kuemi: So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda haqiqatan ham olamshumul o‘zgarishlar ro‘y berdi

May 04, 2026. 12:55 • 3 daq

187
Olivye Kuemi: So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda haqiqatan ham olamshumul o‘zgarishlar ro‘y berdi

SAMARQAND, 4-may. /“Dunyo” AA/. Yevropa investitsiya bankining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Olivye Kuemi “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishining ahamiyati haqida fikr yuritdi:

– Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish O‘zbekiston nimalarga qodir ekanining juda yaxshi namunasidir. Bu yerda hukumatlar, davlat va xususiy sektor, xalqaro moliya institutlari vakillari jam bo‘ldi.

Men Yevropa Ittifoqining moliyaviy instituti – Yevropa investitsiya banki vakili bo‘laman. Biz har yili OTBning yillik yig‘ilishida ishtirok etamiz, chunki bank bilan butun Osiyo bo‘ylab yaqin hamkorlik qilib, mintaqalar va qitʼalarni bog‘lashga qaratilgan loyihalarni birgalikda moliyalashtiramiz.

O‘tmishda Surxondaryo viloyatidagi “Sherobod” quyosh loyihasini moliyalashtirgan edik. Bu 450 megavattli yirik elektr stansiyasi bo‘lib, O‘zbekistonni toza energiya bilan taʼminlaydi. Kelgusida biz transport loyihalarini – yo‘l va temir yo‘llar qurilishini, shuningdek, butun Markaziy Osiyo bo‘ylab energiya tarmoqlarini rivojlantirishni birgalikda moliyalashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz. Bundan tashqari, raqamli aloqa muhim yo‘nalish hisoblanadi: sunʼiy yo‘ldosh loyihalari va keng polosali internetni, shu jumladan optik tolali tarmoqlarni rivojlantirish.

So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonda haqiqatan ham olamshumul o‘zgarishlar yuz berdi. Iqtisodiyot sezilarli darajada o‘sdi va xususiy sektorning roli kuchaydi. Bunga O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilgan to‘g‘ri islohotlar tufayli erishildi. O‘z vaqtida biz hukumatni qonunchilikni investorlar uchun yana-da jozibador qilish maqsadida o‘zgartirish bo‘yicha maslahat berdik va bu sezilarli natijalar berdi. Dastlab xorijiy investitsiyalar energetika sohasiga, keyin esa iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga faol kirib keldi.

Bugungi kunda xorijiy kompaniyalar energetika, suv taʼminoti, transport, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarga sarmoya kiritmoqda. Bu iqtisodiy rivojlanish va ish o‘rinlarini yaratish uchun juda muhim, ayniqsa, O‘zbekistonda yaxshi maʼlumotga ega bo‘lgan ko‘plab yosh va iqtidorli insonlar borligini hisobga olsak. Bu keyingi avlod uchun imkoniyat yaratadi. Mamlakat taʼlim va kommunikatsiya sohalarida ham faol rivojlanmoqda – ingliz tilini bilish odamlarga xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish va biznes yuritishda yordam beradi.

Ayni paytda Yevropa investitsiya banki Toshkentda butun mintaqani nazorat qiladigan ofis ochmoqda. Rasmiy ochilish marosimi shu yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish