O‘zbekiston Prezidenti raisligida oziq-ovqat xavfsizligi va chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
May 12, 2026. 20:21 • 6 daq
• 36
TOSHKENT, 12-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda oziq-ovqat taʼminotini barqarorlashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda 4 million gektar ekin maydoni, 1,5 million tonna sig‘imga ega saqlash omborlari va 3,5 million tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatlari aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, shuningdek, 4 milliard dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazish, eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni maqsad qilgan.
Yig‘ilishda ushbu marralarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga to‘liq mos bo‘lishi zarurligi taʼkidlandi.
Hozirga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shug‘ullanib kelmoqda. Oqibatda sanitariya, veterinariya va karantin organlari o‘rtasida yagona maʼlumotlar bazasi shakllanmagan, ayrim vazifa va funksiyalar bir-birini takrorlamoqda. Bu esa tadbirkorlarning eksport va import jarayonlarida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelishiga sabab bo‘lmoqda.
O‘simliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qo‘mitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa va funksiya mavjudligi, shu bilan birga, mahsulotni “yetishtirishdan isteʼmolchigacha” kuzatib borish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Eksportda ham hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar bor. Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan mahsulotlarimizda pestitsid qoldiqlari bo‘yicha 25 ta ogohlantirish berilgani qayd etildi. Bu xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish uchun mahsulot xavfsizligini nazorat qilish tizimini tubdan o‘zgartirishni talab qiladi.
Amalda nazorat idoralari tomonidan faqatgina yakuniy mahsulotni tekshirish bilan chegaralangani, ishlab chiqarish zanjirida oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini kafolatlovchi xalqaro standartlarni joriy qilishga yetarlicha eʼtibor qaratilmagani qayd etildi.
Shu munosabat bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan tizim yaratilishi belgilandi.
Unga muvofiq, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi. U O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi va Sanepidqo‘mitaning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yo‘nalishi negizida negizida shakllantiriladi.
Yangi tizimda eskirgan, tadbirkor faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan tekshiruvlardan voz kechiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinib, uning o‘rniga xavfga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi joriy etiladi.
Bugungi kunda respublikadagi 80 mingta obyektdan faqat 1,6 mingtasida, yaʼni 2 foizida bunday tartib qo‘llanilmoqda. Endilikda xavfli mahsulotlar to‘g‘risida tezkor xabar berish va ularni qaytarib olish bo‘yicha elektron tizim yaratiladi.
2029-yil 1-yanvardan boshlab meva-sabzavot eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi. Eksport salohiyati yuqori yirik oziq-ovqat korxonalarini xalqaro xatarlar tahlili standarti va Alimentarius kodeksi talablariga o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu ko‘rsatkich 2028-yilgacha 20 foizga, 2030-yilgacha 60 foizga, 2032-yilgacha esa 100 foizga yetkaziladi.
Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 20 ta tumanda ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishga ko‘maklashuvchi jamoatchi inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bundan buyon meva-sabzavot eksporti statistikasi mahsulot qaysi hududda yetishtirilgan bo‘lsa, o‘sha hududda hisobga olinadi.
2027-yildan boshlab laboratoriya tekshiruvi, hayvonlarni emlash, dezinfeksiya va identifikatsiya qilish kabi 6 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga beriladi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha ushbu xizmatlar bo‘yicha kamida 2 tadan xususiy laboratoriya va veterinariya klinikasini tashkil etish topshirildi.
Har bir mahsulot bo‘yicha onlayn kuzatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Fermer va dehqonlar uchun “Agro ko‘makchi” mobil ilovasida elektron “Dala daftari” tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim orqali sunʼiy intellekt zararkunandalar tarqalishini oldindan bashorat qilib, dehqonlarga zarur tavsiyalar beradi.
Faol va halol ishlayotgan fermerlar reytingi yuritiladi va ularga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. 2027-yil 1-martgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yagona avtomatlashgan axborot platformasi ishga tushiriladi. U chegaradagi “Yagona darcha” tizimi bilan integratsiya qilinib, eksportchilar ortiqcha byurokratik jarayonlardan ozod etiladi.
Yangi tizim orqali importda nazorat vaqti 9 kundan 2 kunga, eksportda esa 3 kundan 1 kungacha qisqartirilishi belgilandi. Buning hisobiga tadbirkorlarning mahsulotni omborda saqlash xarajatlari 70 milliard so‘mga tejaladi.
Yig‘ilishda chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, keyingi 25 yilda dunyo mamlakatlarining 42 foizida qoramollar soni 12 foizga qisqargan. Buning asosiy sabablari qimmat ozuqa, qurg‘oqchilik, ekologik omillar, yuqori foiz stavkalari va daromad kamayishi bilan bog‘liq. Natijada jahon bozorida go‘shtning o‘rtacha narxi rekord darajaga yetgan.
O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor. Mamlakatimizda 16 million gektar yaylov mavjud, biroq bu salohiyatning atigi 10 foizidan foydalanilmoqda.
Shu bois, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. U Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida faoliyat boshlaydi.
Yangi agentlik oldiga qoramollar sonini 16,5 milliontaga, qo‘y va echkilar sonini 30 milliontaga, parrandalar sonini 141 milliontaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, go‘sht va sutni qayta ishlash darajasini 50 foizga, nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish, ozuqabop ekin maydonlarini esa 1,5 barobar ko‘paytirish belgilandi.
Ozuqa bazasini kengaytirish va naslchilikni yaxshilash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatdan 1 tadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtiriladi.
Ushbu tumanlarda paxta va g‘alla yerlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi, buning uchun 10 foizli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Barcha fermer xo‘jaliklariga ijara yerlarining 20 sotix qismida ortiqcha byurokratiyasiz yengil konstruksiyali binolar, ozuqa omborlari va silos o‘ralari qurishga ruxsat beriladi.
Yil yakuniga qadar kamida 10 gektar yeri bor 28 ming 746 ta fermer xo‘jaligi yerida 2 million bosh qoramol boqishni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Chorvachilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilandi. 1 iyundan boshlab tijorat banklari yillik 10 foiz stavkada, 4 yil imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga kreditlar ajratadi. Nasldor chorvani import qiluvchilar 2029-yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Banklarga yillik 6 foiz stavkada 1 trillion so‘m va 50 million dollar resurs joylashtiriladi. Ushbu resurslar hisobidan joriy yilda 5,5 trillion so‘mlik 1,5 mingta loyihani ishga tushirish, 25 mingta ish o‘rni yaratish va qoramollar sonini 400 mingtaga oshirish rejalashtirilgan.
Kadrlar tayyorlash va naslli chorvani ko‘paytirish bo‘yicha ham yangi dastur boshlanadi. 1-iyundan yetakchi agrar oliygohlarda sunʼiy urug‘lantirish bo‘yicha 10 kunlik o‘quv kurslari tashkil etiladi. Har yili kamida 1 ming mutaxassis tayyorlanib, ular zarur uskunalar bilan bepul taʼminlanadi.
Xonadonlarda sunʼiy urug‘lantirilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘mdan hamda embrionlarni ko‘chirib o‘tkazilganda 700 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bu maqsadlar uchun qo‘shimcha 50 milliard so‘m ajratiladi.
Yig‘ilishda mutasaddilarning hisobotlari, tadbirkor va fermerlarning takliflari tinglandi. Yangi tizimni joylarda samarali tashkil etish, tadbirkorlar va fermerlarga amaliy ko‘mak berish, chorvachilikda ozuqa bazasi, naslchilik, qayta ishlash va eksport imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




