“Diplomacy Journal”: O‘zbekiston turizmni rivojlantirish surʼatlari bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi
Avgust 08, 2026. 10:30 • 2 daq
• 115
SEUL, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “Diplomacy Journal” nashrida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Butunjahon sayohat va turizm kengashi (WTTC)ning “Travel & Tourism Economic Impact Research 2026” hisoboti asosida tayyorlangan maqolada yozilishicha, 2025-yilda Markaziy Osiyo dunyodagi eng tez rivojlanayotgan turistik mintaqaga aylandi. O‘zbekiston esa sohani rivojlantirishning barcha asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchi o‘rinni egalladi.
Nashrda taʼkidlanishicha, WTTC tadqiqoti yakunlariga ko‘ra, 2025-yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotidagi jamlanma hissasi 17,7 foizga, sohaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hissasi esa 19,6 foizga oshdi. Mintaqaning turistik xizmatlar eksporti o‘tgan yilga nisbatan 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard dollarga yetdi.
Maqolada O‘zbekiston erishgan yutuqlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining qariyb yarmi aynan O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi — mamlakat 2025-yilda 4,8 milliard dollarlik turistik xizmatlarni eksport qildi.
WTTC maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi o‘rtasida ham eng ommabop turistik yo‘nalishga aylandi. Mualliflar buni respublikaning boy tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turistik infratuzilmaning rivojlanishi hamda mamlakatning sayyohlar uchun jozibadorligi ortib borayotgani bilan bog‘laydi.
Taʼkidlanishicha, 2036-yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard dollarga yetadi. Bu sohani yanada rivojlantirish va mintaqaning jahon turizm bozoridagi pozitsiyasini mustahkamlash istiqbollari yuqori ekanidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi