Andrey Rudskoy: Uchinchi Renessans g‘oyasi O‘zbekistonning boy ilmiy-madaniy merosini uning kelajakka ishonchli odimlari bilan uyg‘unlashtirmoqda

Avgust 08, 2026. 09:10 • 4 daq

136
Andrey Rudskoy: Uchinchi Renessans g‘oyasi O‘zbekistonning boy ilmiy-madaniy merosini uning kelajakka ishonchli odimlari bilan uyg‘unlashtirmoqda

SANKT-PETERBURG, 8-avgust. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg politexnika universiteti rektori, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi va vitse-prezidenti, RFA Sankt-Peterburg bo‘limi raisi Andrey Rudskoy O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrik va tilaklarini yo‘lladi.

– Aziz do‘stlar!

Men O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurib, mamlakat rahbariyati, rektorlar, olimlar, o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashganman. Har bir yangi tashrifim respublikaning naqadar shiddat bilan o‘zgarayotganini ko‘rish imkonini beradi.

Men bu rivojlanishni nafaqat izchil, balki haqiqatan ham portlashdek shiddatli, deb atagan bo‘lardim. Shaharlar obod bo‘lib, zamonaviy korxonalar, universitet shaharchalari, ilmiy laboratoriyalar va innovatsion maydonlar barpo etilmoqda. Ammo bundan ham muhimi, jamiyatdagi bunyodkorlik quvvati, bilimga intilish, yangi g‘oyalarga ochiqlik va o‘z kuchiga ishonch sezilib turgan muhitdir.

Bugun “Yangi O‘zbekiston” tushunchasi chin maʼnodagi mazmun bilan to‘yingan, Uchinchi Renessans g‘oyasi esa mamlakatning boy ilmiy-madaniy merosini uning kelajak sari ishonchli odimlari bilan bog‘lamoqda.

Bolalar va yoshlar bilan tizimli ishlash alohida tahsinga sazovordir. Maktablar, universitetlar, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish, iqtidorli yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash – bu kelajak uchun eng ishonchli sarmoyadir.

“Kelajak innovatorlari” xalqaro festivali davomida yosh ishtirokchilar, ularning yonib turgan ko‘zlari, g‘oyalarining dadilligi va yangilik yaratishga bo‘lgan samimiy ishtiyoqi menda katta taassurot qoldirdi. Aynan ular O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Rossiya va O‘zbekistonning zamonaviy munosabatlari chuqur tarixiy xotiraga tayanadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston yuz minglab evakuatsiya qilinganlarni, jumladan, qamaldagi Leningrad aholisi, olimlar, o‘qituvchilar va talabalarni qabul qilgan. Toshkent ko‘pchilik uchun ikkinchi uyga aylangan.

Bizning Leningrad politexnika instituti ham o‘zining taʼlim va ilmiy faoliyatini shu yerda davom ettirgan. Bu umumiy tarix Toshkent va Sankt-Peterburgni, universitetlarimiz va xalqlarimizni abadiy bog‘lab turadi.

Bugungi kunda Sankt-Peterburg politexnika universiteti Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Buxoro, Qarshi, Namangan va boshqa shaharlarning universitetlari bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Biz taʼlim va ilmiy loyihalarni, almashinuv va malaka oshirish dasturlarini amalga oshiryapmiz, muhandislik maktablari va yoshlar tadbirlarini o‘tkazyapmiz. Toshkent davlat texnika universiteti bilan ishonch, o‘zaro hurmat va muhandislik taʼlimini rivojlantirish yo‘lidagi umumiy masʼuliyatga asoslangan strategik sheriklik alohida o‘rin tutadi.

Biz uchun hamkorligimiz zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash, yangi tadqiqotlar va texnologiyalarni yaratish, yoshlar uchun real muhandislik loyihalarini amalga oshirish kabi aniq natijalar berishi muhim. Rossiya va O‘zbekiston oldida texnologik rivojlanish, sanoatni mustahkamlash, raqamli transformatsiya va yuqori malakali kadrlar tayyorlashdek o‘xshash vazifalar turibdi. Ularni birgalikda, universitetlarimizning ilmiy maktablari va salohiyatini birlashtirgan holda hal qilish yana-da samarali bo‘ladi.

Bu borada bilimlar diplomatiyasi alohida rol o‘ynaydi. Talabalar, o‘qituvchilar va olimlarning hamjihatlikdagi faoliyati mamlakatlar o‘rtasida mustahkam kasbiy va insoniy rishtalarni vujudga keltiradi. Rossiya va O‘zbekiston Prezidentlarining 2023-yil kuzida bo‘lib o‘tgan “Rossiya – Markaziy Osiyo” sammitida ilgari surgan tashabbusini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro muhandislik birlashmasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Birlashma Rossiya va Markaziy Osiyoning yetakchi texnika universitetlarini birlashtirdi va umumiy ilmiy-taʼlim makonining asosi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Uning muvaffaqiyati yangi texnologiyalar, qo‘shma ishlanmalar, kuchli tadqiqot guruhlari va yetuk muhandislar bilan o‘lchanishi kerak.

Kelajak haqida gapirganda, men O‘zbekistonni Yevroosiyoning yetakchi ilmiy, taʼlim va texnologik markazlaridan biri, ilg‘or texnologiyalar yaratadigan zamonaviy va ochiq mamlakat sifatida ko‘raman.

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida O‘zbekistonga tinchlik, barqarorlik, farovonlik va yangi ulkan zafarlar tilayman. O‘zbek xalqiga sihat-salomatlik va hamjihatlik, mamlakatlarimizga esa do‘stlik va strategik sheriklikni yana-da mustahkamlashni istayman. Ishonchim komilki, yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlikka ochiqlik hamda tarix, madaniyat va milliy anʼanalarga yuksak hurmat bilan munosabatda bo‘lish o‘zaro munosabatlarimizning mustahkam poydevori bo‘lib qoladi.

O‘zbekistonning kelajagi sifatli taʼlim, kuchli ilm-fan va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq. Yoshlariga kuch-g‘ayratini sarflaydigan mamlakat o‘z kelajagiga bevosita sarmoya kiritgan bo‘ladi. Bugungi o‘quvchi va talabalar kelajakda ilmiy laboratoriyalar, universitetlar va yuqori texnologiyali korxonalarga rahbarlik qiladi, Yangi O‘zbekistonni qurishni davom ettiradi va Uchinchi Renessans poydevorini yaratadi.

Bayramingiz bilan! O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish