O‘zbekiston va Xitoyning Iu shahri o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi
Avgust 30, 2026. 16:30 • 2 daq
• 31IU, 30-avgust. / “Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Iu shahari rahbariyati va Xitoyning yirik kompaniyalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Iu shahri rahbariyati bilan uchrashuvda O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mer o‘rinbosari Tan Tan Iu va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar faol rivojlanayotganini ta’kidladi. 2025-yilning oktyabr oyida Iu shahrida Sirdaryo viloyati vakillari ishtirokida savdo-investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Andijon, Samarqand va Nurafshon shaharlari bilan do‘stona va qardosh shahar aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Irkeshtam quruqporti orqali yangi logistika yo‘nalishining ishga tushirilishi O‘zbekistonga yuklarni yetkazib berish muddatini 7–8 kungacha qisqartirish imkonini bergani qayd etildi. Toshkent–Xanchjou aviaqatnovining yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejimning joriy etilishi Iu shahriga tashrif buyurayotgan o‘zbek tadbirkorlari sonining ortishiga xizmat qildi. Xitoy tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida ularning soni 10 ming nafarga yetdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Iu shahrining yirik ishlab chiqarish kompaniyalari delegatsiyasi va ayol tadbirkorlarning biznes-missiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, Iuda O‘zbekiston milliy pavilonini ochish, shahar OAV va ommabop blogerlari vakillarining O‘zbekistonga safarini uyushtirish hamda joriy yilning 15-noyabr kuni Iu shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro qardosh shaharlar konferensiyasida O‘zbekiston shaharlari vakillarining ishtiroki bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar davomida aniq maqsadlarga erishish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Iu shahriga tashrif doirasida Futyan tumanida yurtdoshimiz Davronbek Buvajonov tomonidan tashkil etilgan “Tashkent” o‘zbek milliy restoranining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, Iuda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlab, Iu va qo‘shni shaharlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz hamda Xitoyda faoliyat yuritayotgan MDH mamlakatlari fuqarolari ishtirokida Bosh konsullik kubogi uchun futbol turniri o‘tkazildi.
Yurtdoshlarimiz bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda xorijda vaqtincha mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bo‘lib turgan mamlakat qonunchiligiga, viza va migratsiya talablariga rioya etish hamda vaqtinchalik konsullik hisobiga turish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




