O‘zbekistonning ijtimoiy himoya tizimidagi tajribasi “DIHAD – 2026”da taqdim etildi
Avgust 27, 2026. 14:00 • 2 daq
• 208
DUBAY, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi diplomatlari Dubay xalqaro gumanitar yordam va rivojlanish konferensiyasi va ko‘rgazmasi («Dubai International Humanitarian Aid and Development Conference and Exhibition, DIHAD - 2026»)da ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“DIHAD”ning 22-anjumanida 50 dan ortiq mamlakatdan 2,5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.
Konferensiya doirasida “O‘zbekistonning barqarorlikka erishish yo‘li: kelajak uchun ijtimoiy himoyani takomillashtirish” mavzusida maxsus shoʻba tadbiri tashkil etildi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish hamda inson kapitaliga investitsiyalarni kuchaytirish borasidagi tizimli ishlar taqdim etildi.
Muloqot chog‘ida BMT agentliklari, xalqaro gumanitar va xayriya tashkilotlari, rivojlanish institutlari hamda donor tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va O‘zbekistonning xalqaro gumanitar kun tartibidagi ishtirokini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida “DIHAD Sustainable Organisation”, “UAE Aid Agency”, BMTning tegishli tuzilmalari va boshqa xalqaro hamkorlar bilan 2027-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda “DIHAD” formatidagi tadbirni o‘tkazish masalasini ishlab chiqishga kelishib olindi. Mazkur tashabbus mamlakatimizning ijtimoiy himoya va barqaror rivojlanish sohasidagi tajribasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
2004 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “DIHAD” gumanitar yordam va taraqqiyot sohasidagi yetakchi xalqaro muloqot maydonlaridan biri hisoblanadi. U davlat idoralari, BMT tuzilmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xayriya jamg‘armalari, nodavlat tashkilotlar, xususiy sektor hamda moliyaviy institutlar vakillarini birlashtirib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi