Polshada stajirovka o‘tayotgan o‘zbekistonlik talabalar va mutaxassislar agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini bildirdi
Oktabr 29, 2026. 17:30 • 2 daq
• 148VARSHAVA, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Polshadagi “Green Crops” kompaniyasida bo‘lib, “AgriCool” grant loyihasi doirasida stajirovka o‘tayotgan o‘zbekistonlik talabalar va sug‘orish sohasi mutaxassislari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Elchixona ko‘magida tashkil etilgan o‘quv-amaliy stajirovkaning yakuniga bag‘ishlangan uchrashuvda diplomatlar ishtirokchilarga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar va xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, shuningdek, chet elda orttirilgan bilimlarni vatan ravnaqi yo‘lida qo‘llash imkoniyatlari haqida so‘zlab berdilar.
Stajirovka ishtirokchilari o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, dasturni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirdilar. Xususan, O‘zbekistonga Yevropaning ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnikalari va soha mutaxassislarini jalb etishni kengaytirish, shuningdek, agrar tarmoqning aniq yo‘nalishlarini hisobga olgan holda yanada ixtisoslashtirilgan stajirovkalarni tashkil etishni taklif qildilar.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligiga zamonaviy IT-texnologiyalarni joriy etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar agrodrondan foydalanish, jumladan, ekinlarni sug‘orish va ularga ishlov berish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ko‘lamini oshirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.
Muloqot yakunida kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar muhokama qilindi. Diplomatlar ishtirokchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga hamda kelajakdagi dasturlarni ishlab chiqishda ularning takliflarini, ayniqsa, zamonaviy agrotexnologiyalarga oid g‘oyalarini hisobga olishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



