Jan Pero Chinya: O‘zbekiston bugun sarmoyalar uchun ochiqligini namoyon etmoqda

Iyun 18, 2026. 12:00 • 3 daq

77
Jan Pero Chinya: O‘zbekiston bugun sarmoyalar uchun ochiqligini namoyon etmoqda

TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) moliyaviy huquq bo‘linmasi rahbari Jan Pero Chinya “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi.

– Bugun O‘zbekiston sarmoyalar uchun ochiq ekanini namoyon qilmoqda. Biz biznes va iqtisodiy o‘sish uchun qulay sharoitlar yaratayotgan muhim tarkibiy islohotlarni kuzatmoqdamiz. Bunga misol qilib, bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirilgan energetika sohasini keltirish mumkin. Ushbu o‘zgarishlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan ijobiy baholandi. Sarmoyadorlar uchun imkoniyatlar kengaymoqda va mamlakatga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi ayni shu jarayonlarning yorqin ifodasi bo‘ldi. U Markaziy Osiyoga sarmoyadorlar nigohi bilan qarash imkonini berib, mintaqaning jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyo xalqaro biznes uchun yetarlicha ochiq bo‘lmagan, biroq bugungi kunda vaziyat o‘zgarmoqda. Forum har yili O‘zbekistonni sarmoya kiritish uchun istiqbolli yo‘nalish deb biladigan ishtirokchilar va sarmoyadorlarni tobora ko‘proq jalb qilmoqda. Mamlakatning Markaziy Osiyoning qoq markazida strategik joylashuvi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Odamlar muhim ahamiyatga ega. Bu yerda ulkan maqsadlar, g‘ayrat va rivojlanishga intilish sezilib turibdi. Sarmoyadorlar, birinchi navbatda, aynan shu jihatlarga e’tibor qaratadi va ularni yuqori baholaydi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda doimiy faoliyat yuritib kelgan. Biroq hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun davlatning ochiqligi, sarmoyalarni jalb etishga, islohotlarni muhokama qilishga va o‘zgarishlarni amalga oshirishga tayyorligi zarur. O‘tmishda bu oson kechmagan, ammo bugungi kunda vaziyat tubdan o‘zgardi.

Biz ko‘plab sohalarda keng ko‘lamli islohotlar va ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Albatta, o‘zgarishlar jarayoni hali yakuniga yetgani yo‘q va oldinda hali katta yo‘l turibdi. Biroq hozirgi rivojlanish yo‘nalishi yuksak e’tirofga loyiq.

Forum doirasida korporativ boshqaruvning kelajagiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hali yangi kun tartibini shakllantirayotgan va darsliklarda aks etmagan masalalar muhokama qilinmoqda. Xususan, iqtisodiyotning tizimni tashkil etuvchi tarmoqlari va energetika sohasining ortib borayotgan roli haqida so‘z bormoqda. Bugungi kunda energetika sohasi iqtisodiy rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanmoqda va uning ahamiyati, jumladan, sun’iy intellektni rivojlantirish nuqtayi nazaridan ham ortib bormoqda.

Shuningdek, yangi global voqeliklar ham muhokama qilindi. Dunyo geosiyosiy larzalar va kompaniyalar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan doimiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bunday sharoitda nafaqat o‘zgarishlarga munosib javob qaytarish, balki yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarga aylantirish ham muhimdir.

Muhokamaning alohida bir qismi sun’iy intellektga bag‘ishlandi. Umumiy xulosa shuki, sun’iy intellekt muhim va foydali vosita bo‘lsa-da, u insonlarga xizmat qilishi kerak. Texnologiyalar rivojlanaveradi, lekin asosiy o‘rin baribir insonga tegishli bo‘lib qoladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish