O‘zbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari delegatsiyasini qabul qildi

Iyun 17, 2026. 16:24 • 2 daq

43
O‘zbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari delegatsiyasini qabul qildi

TOSHKЕNT, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniyaning investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri, lord Djeyson Stokvud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda Buyuk Britaniyaning “UK Export Finance”, “Standard Chartered UK”, “Sturgeon Capital”, “Endeavour Mining” va “British Petroleum” kabi yetakchi kompaniyalari, banklari va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning ijobiy sur’ati qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi va Britaniya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni jadal o‘sib bormoqda.

Toshkent xalqaro moliya markazi, Xalqaro tijorat sudi va kapital bozorini rivojlantirish hamda farmatsevtika, sun’iy intellekt va energetika sohalarida texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Moliya, infratuzilma, davlat-xususiy sheriklik, “yashil” energetika, transport, geologiya va neft-gaz sohalarida, shu jumladan, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish