SMTI eksperti: Iqlim bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichi amaliy natijalarga qaratilishi zarur

Oktabr 08, 2026. 18:00 • 6 daq

• 59
SMTI eksperti: Iqlim bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichi amaliy natijalarga qaratilishi zarur
SMTI eksperti: Iqlim bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichi amaliy natijalarga qaratilishi zarur
SMTI eksperti: Iqlim bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichi amaliy natijalarga qaratilishi zarur

TOSHKЕNT, 8-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkentda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati hamda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamkorligida mintaqaviy muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki kun davom etadigan mazkur tadbir “Ilmiy asoslangan bilimlardan asoslangan iqlim siyosatiga – Markaziy Osiyoda iqlim barqarorligini ta’minlash uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. 

Tadbirda Germaniyaning sohaga oid federal idoralari va ilmiy markazlari, Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat va tadqiqot tuzilmalari, yetakchi xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar – YI, IHTT, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi, YXHT va boshqalar vakillari ishtirok etmoqda.

Muloqotning asosiy e’tibori 2020-yilda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Mazkur tashabbus ilmiy ekspertiza, davlat siyosati va mintaqaviy hamkorlikni birlashtirgan.

Uning asosiy natijalaridan biri mintaqaning besh davlati tomonidan ishlab chiqilib, kelishilgan Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha Mintaqaviy strategiya bo‘ldi. Uni qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil sentabr oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surgan.

SMTI direktori birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov O‘zbekiston uchun iqlim kun tartibi bevosita amaliy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Iqlim o‘zgarishini endilikda faqat ekologik muammo sifatida ko‘rib bo‘lmaydi. U bevosita suv, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot barqarorligi hamda aholi hayot sifatiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mazkur muammolarning ko‘lami to‘liq anglab yetilgan. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat siyosatida tub o‘zgarish amalga oshirildi: ekologiya, iqlim va suv masalalari alohida tarmoq muammolari majmuasidan mamlakat taraqqiyotining milliy strategiyasini belgilovchi, iqtisodiyot, suv resurslaridan foydalanish, qishloq xo‘jaligi va hududiy rivojlanishdagi yondashuvlarni qamrab oluvchi ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Akramjon Ne’matov mazkur siyosatning institutsional asoslari sezilarli darajada mustahkamlanganiga ham e’tibor qaratdi. Ekologik huquqlar Konstitutsiyada mustahkamlandi, uzoq muddatli strategik rejalashtirish tizimi shakllantirildi. O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bevosita Prezidentga hisobdor etib belgilangan, ilmiy va kadrlar tayyorlash infratuzilmasi, jumladan, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti rivojlantirilmoqda.

Uning baholashicha, mazkur o‘zgarishlar boshqaruv modelining o‘zi o‘zgarayotganini anglatadi: oqibatlarga javob qaytarishdan – xatarlarning oldini olishga, tarqoq tarmoq yechimlaridan – integratsiyalashgan ekotizimli yondashuvga, asosan ma’muriy usullardan – ma’lumotlar, ilm-fan, texnologiyalar va iqtisodiy rag‘batlarga tayangan siyosatga o‘tilmoqda.

SMTI vakili O‘zbekiston Prezidentining iqlim barqarorligi, eng avvalo, mamlakat ichidagi samarali o‘zgarishlardan boshlanishi haqidagi yondashuvini alohida ta’kidladi. Xususan, 2017-yilgacha suvni tejovchi texnologiyalar atigi 19 ming gektar maydonda qo‘llangan bo‘lsa, 2026-yil boshiga kelib, ushbu texnologiyalar 2,6 million gektar, ya’ni sug‘oriladigan yerlarning 60 foizini qamrab oldi. Yillik suv tejalishi 2,5 milliard kub metrga yetdi. 

So‘nggi besh yil davomida qariyb 6 GVt quvvatga ega quyosh, shamol va gidroyenergetika obyektlari ishga tushirildi, elektr energiyasi ishlab chiqarishda “yashil” energiyaning ulushi 30 foizga yetdi. “Yashil makon” loyihasi doirasida 1 milliarddan ortiq daraxt va butalar ekildi, ko‘kalamzorlashtirish darajasi 2020-yildagi 8 foizdan 2025-yilda 14,3 foizga oshdi, Orol dengizining qurigan tubida esa 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etildi.

Akramjon Ne’matov ta’kidlaganidek, mazkur ko‘rsatkichlarning ahamiyati faqat ularning raqamli ifodasida emas. Ular O‘zbekistonning resurslardan samarali foydalanish va ekologik barqarorlikka asoslangan rivojlanish modeliga izchil o‘tayotganidan dalolat beradi. Mazkur model suv resurslaridan oqilona foydalanish, toza energetikani kengaytirish, ekotizimlarni tiklash va iqlim xatarlarini kamaytirishga asoslangan.

Shu bilan birga, SMTI eksperti O‘zbekistonning iqlim siyosati nafaqat mamlakat ichida, balki mintaqaviy va global darajalarda ham tashabbuskor xususiyat kasb etayotganini alohida qayd etdi. Mazkur yondashuv oddiy bir haqiqatga asoslanadi: iqlim, suv va ekologik xatarlar davlat chegaralarini tan olmaydi. Binobarin, milliy islohotlarning samaradorligi ko‘p jihatdan mamlakatlarning birgalikdagi yechimlarni ishlab chiqish qobiliyatiga bog‘liq.

Markaziy Osiyoda Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shunday amaliy mexanizmlarni izchil ilgari surmoqda. Samarqand iqlim forumida Suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha Mintaqaviy dasturni ishga tushirish, har yili “Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i” aksiyasini o‘tkazish, moliyalashtirish, texnologiyalar va malakalarni safarbar etish maqsadida Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining “Suv–Energetika–Iqlim o‘zgarishi” tashabbusi Kotibiyatini tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari tog‘ ekotizimlari uchun xatarlarni uzluksiz sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish va ularni erta aniqlash maqsadida Copernicus dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirish tashabbusini ilgari surdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston mintaqaning iqlim kun tartibini global darajaga izchil olib chiqmoqda. COP29 sammitida davlatimiz rahbari Iqlim o‘zgarishi oqibatida yetkazilgan yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni tashkil etish, BMT shafeligida daryo ekotizimlarining salomatligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar deklaratsiyasini ishlab chiqish, Genetik resurslar mintaqaviy bankini shakllantirish, Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish va uning birinchi forumini Toshkent shahrida o‘tkazish takliflarini ilgari surdi.

Akramjon Ne’matovning fikricha, bugun Markaziy Osiyo yangi hadli hujjatlarni ishlab chiqishdan ko‘ra, erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan to‘ldirish muhim bo‘lgan bosqichga yetib keldi. Boshqacha aytganda, mintaqaviy iqlim kun tartibi yondashuvlarni shakllantirishdan ularni tizimli ravishda amalga oshirish bosqichiga o‘tishi zarur.

Shu munosabat bilan, Akramjon Ne’matov oltita amaliy yo‘nalishni belgilab berdi:

Birinchidan, taqqoslanadigan metodikalar, axborot almashinuvi va xatarlarni birgalikda monitoring qilishga asoslangan, o‘zaro moslashuvchan mintaqaviy iqlim va gidrometeorologik ma’lumotlar tizimini shakllantirish.

Ikkinchidan, mintaqaviy strategiyani aniq muddatlar, ijrochilar va o‘lchab bo‘ladigan ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan muayyan loyihalar portfeliga aylantirish.

Uchinchidan, suvni tejash, kriosferani monitoring qilish, qurg‘oqchilikni boshqarish va barvaqt ogohlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni jadallashtirish hamda “suv – energetika – oziq-ovqat – ekotizimlar” o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish.

To‘rtinchidan, kadrlar tayyorlash va ilmiy hamkorlikni mintaqaviy ustuvor yo‘nalishga aylantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va akademik mobillikni kengaytirish.

Beshinchidan, iqlim, “yashil” va “ko‘k” moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish, suv-iqlim loyihalarini amalga oshirishga xususiy sektor, taraqqiyot banklari va xalqaro moliya institutlarini faolroq jalb etish.

Oltinchidan, milliy ustuvor yo‘nalishlarni hurmat qilgan holda, manfaatlar mushtarak bo‘lgan masalalarda Markaziy Osiyo davlatlarining muvofiqlashtirilgan pozitsiyalarni ishlab chiqish salohiyatini kuchaytirish.

SMTI vakili ta’kidlaganidek, “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusining amaliy ahamiyati ham shunda: u ilm-fan, davlat siyosati, xalqaro ekspertiza va investitsiya imkoniyatlarini o‘zaro bog‘lab, xatarlarni anglashdan – qo‘shma yechimlarga, yechimlardan – loyihalar va investitsiyalarga o‘tish imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish